26.11.2024 10:26
438
Ukraina Kursk viloyatidagi pozitsiyalarini boy bermoqda
Ukraina avgust oyida bosib olingan Rossiya hududlarining 40 foizdan ortigʻini boy berdi. Rossiya Kiev yurishini toʻxtatish uchun Kursk viloyatiga 59 mingga yaqin askarini joylashtirgan. Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning 11 mingga yaqin askari ham Rossiyani qoʻllab-quvvatlash uchun Kursk viloyatiga kelgan.
Ukraina avgust oyida oʻtkazilgan kutilmagan operatsiya davomida Rossiyaning Kursk viloyatida bosib olingan hududining 40 foizdan ortigʻini yoʻqotdi, deb yozdi Reuters Ukraina Bosh shtabidagi yuqori martabali manbaga tayanib. Uning soʻzlariga koʻra, bu soʻnggi haftalarda mintaqada sezilarli yutuqlarga erishgan Rossiya qoʻshinlarining qarshi hujumi natijasida sodir boʻlgan.
Reuters manbasining qayd etishicha: Rossiya Kievning yurishini toʻxtatish uchun Kursk viloyatiga 59 mingga yaqin askarini joylashtirgan. Bundan tashqari, Ukraina tomoniga koʻra, oktyabrʻ oyida Shimoliy Koreyaning 11 mingga yaqin askari Kursk viloyatiga Rossiyani qoʻllab-quvvatlash uchun kelgan. Biroq ularning asosiy qismi oʻquv mashgʻulotlarini yakunlamoqda va hali jangovar harakatlarni boshlamagan. Shu sababli Kursk viloyatidagi rus harbiylarining muvaffaqiyatlari KXDRdan qoʻshimcha kuchlarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq deb aytish mumkin emas.
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi operatsiyasi Moskva uchun kutilmagan holat boʻldi, shu sababli Ukraina Qurolli Kuchlari (AFU) Rossiya hududining katta qismini egallab olishga muvaffaq boʻldi, deya taʻʻkidlaydi Reuters.
“Hujum avjiga chiqqanida 1376 kvadrat kilometr maydonni nazorat qildik. Hozirda bu hudud sezilarli darajada qisqargan, - dedi agentlik manbasi. - Hozir bizda taxminan 800 kvadrat kilometr maydon mavjud va biz ushbu hududni harbiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq boʻlguniga qadar himoya qilamiz".
Kiev Kursk viloyatidagi operatsiyalardan Rossiya kuchlarini Ukraina sharqidan chalgʻitish, ularning oldinga siljishini sekinlashtirish va ehtimoliy tinchlik muzokaralarida oʻz pozitsiyasini mustahkamlash kabi strategik maqsadlarda foydalanishni rejalashtirgan. Biroq Rossiya Ukrainaning chegaradosh viloyatlariga hujumlarini sezilarli darajada oshirib, Donetsk viloyatida oldinga siljishda davom etmoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vladimir Putinning asosiy maqsadi Donbassni egallab olish va yanvarʻ oyigacha Kursk viloyatidan Ukraina qoʻshinlarini siqib chiqarish ekanligiga ishonch bildirdi.
“Putin uchun bizni 20 yanvargacha Kursk viloyatidan quvib chiqarish muhim”, - dedi Zelenskiy Donalʻd Trampning inauguratsiyasi sanasiga ishora qilib. - U vaziyatni nazorat qilayotganini koʻrsatmoqchi".
Soʻnggi oylarda rus qoʻshinlari Ukraina sharqida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Donetsk viloyatining Kuraxovo hududida ular kuniga 200-300 metr oldinga siljimoqda, bu muhim logistika markazi hisoblangan Pokrovskka katta axvf uygʻotmoqda.