21.02.2025 11:03

Trampning Ukraina urushi haqidagi daъvolari qanchalik asosli – faktcheking

AQSh prezidenti Donalьd Tramp Ukrainadagi urushni Kiev boshlagani, Zelenskiyning reytingi 4 foizga tushib ketgani hamda Ukrainada 2019 yildan beri prezidentlik saylovlari oʻtkazilmagani va oʻshanda “ilgari hech qanday siyosiy tajribasi boʻlmagan komediyachi” hokimiyatga kelganini daъvo qildi. Uning iddaolari qanchalik asosli?

AQSh prezidenti Donald Tramp Florida shtatidagi Mar-a-Lago saroyidan turib, Ukrainani Rossiya bilan urushda ayblaganday qator bayonotlar berdi.

Tramp jurnalistlar bilan suhbatda prezident Volodimir Zelenskiyning obroʻsi haqida gapirdi va Ukrainada harbiy holat tufayli rejalashtirilgan saylovlar hamon oʻtkazilmaganini taъkidladi.

Trampning izohlari (ularning baъzilari Rossiyaning urush haqidagi pozitsiyasini aks ettirgandek tuyuldi) AQSh rasmiylari Ar-Riyodda Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashib, deyarli uch yildan beri davom etayotgan mojaroni tugatish boʻyicha muzokaralar boshlaganidan bir necha soat oʻtib paydo boʻldi.

Keyinchalik Zelenskiy Trampni Rossiya yaratgan "dezinformatsion makonda yashayotganlikda" aybladi.

Ukraina hukumati 18 fevraldagi Ar-Riyoddagi muzokaralarda ishtirok etmaganidan noroziligini bildirdi. Ammo Tramp bu xavotirlarni rad etib, jurnalistlarga Ukrainada urushni tugatish uchun uch yil vaqt boʻlganini aytdi, keyin esa Kievni mojaroni boshlaganlikda aybladi.

"Hech qachon boshlamasligingiz kerak edi", dedi u. Kremlь avvalroq Ukrainani Rossiyaga qarshi urush boshlaganlikda ayblagan edi.

"2014 yili aynan ular urushni boshlashdi. Maqsadimiz – bu urushni toʻxtatish. Biz bu urushni 2022 yilda boshlaganimiz yoʻq," dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yil fevral oyida AQSh tok-shousi boshlovchisi Taker Karlsonga bergan intervyusida.

Urushni Ukraina boshlamadi. Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshladi, 2014 yilda esa Qrimni anneksiya qilgan edi.

Anneksiya Ukrainaning rossiyaparast prezidenti xalq namoyishlari tufayli hokimiyatdan agʻdarilganidan keyin amalga oshirildi.

Rossiya, shuningdek, Ukraina sharqidagi hududlarni egallab olgan separatist kuchlarni qoʻllab-quvvatladi va Kievdagi yangi hukumatni rusiyzabonlarga nisbatan kamsitish va genotsidda aybladi. Xalqaro sud Moskvaning daъvolarini rad etdi.

2014 yildan keyingi mojaroni tugatishga qaratilgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Rossiya 2021 yil oxirida Ukraina bilan chegarasida qoʻshin toʻplay boshladi.

Putin 2022 yil 24 fevralda bosqinni boshladi va operatsiyaning maqsadi Volodimir Zelenskiyning gʻarbparast hukumatini "demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish" va mamlakatning NATOga qoʻshilishiga yoʻl qoʻymaslik ekanligini aytdi.

Ukrainaning soʻnggi parlament saylovlarida oʻta oʻng nomzodlarni qoʻllab-quvvatlash 2 foizni tashkil etdi. Shuni ham taъkidlash kerakki, Zelenskiy yahudiy va uning partiyasi markazchi deb hisoblangan.

NATO rasmiylari 2021 yilda Ukraina kelajakda tashkilotga qoʻshilish uchun nomzod ekanligini aytishgan boʻlsa-da, bu hech qanday rasmiy jarayonning bir qismi emas edi.

Daъvo: "Buni aytishni istamasdim, lekin uning xalq orasidagi reytingi 4 foizga tushib ketgan"

Prezident Tramp, shuningdek, Zelenskiyning reytingi 4 foizga tushib ketganini daъvo qildi.

Prezident dalil keltirmagani uchun qaysi manbaga ishora qilgani aniq emas. Biz Oq uydan bunga oydinlik kiritishni soʻradik.

Shu oyda oʻtkazilgan soʻrov koʻrsatishicha, ukrainaliklarning 57 foizi prezidentga ishonishini aytgan, deb xabar berdi Ukrainaning Kiev xalqaro sotsiologiya instituti.

Biroq bu koʻrsatkich 2023 yil oxiridagi 77 foizdan pastlagan. 2022 yil may oyida 90 foiz edi – bu prezidentning obroʻsi pasayganini koʻrsatadi.

Baъzi boshqa soʻrovnomalarga koʻra, Zelenskiy boʻlajak har qanday saylovning birinchi bosqichida oʻzining eng yaqin raqibi, sobiq armiya qoʻmondoni Valeriy Zalujniydan ortda qoladi, bu esa ularning ikkinchi bosqichda toʻqnash kelishidan darak beradi.

Rasmiy soʻrovlar cheklangan va urush davrida aniq soʻrovlar oʻtkazish juda qiyin. Millionlab ukrainaliklar qochgan, mamlakatning beshdan bir qismi Rossiya ishgʻoli ostida.

Trampning izohlaridan soʻng, Rossiyaning baъzi yirik ommaviy axborot vositalari bu daъvoga yopishib oldilar.

Telegram'da ukrainalik deputat va Zelenskiy tanqidchisi Aleksandr Dubinskiy oʻtkazgan soʻrovnomaga tayanib, Trampning bahosi toʻgʻri deb daъvo qildi.

Dubinskiy Ukrainada davlatga xiyonat qilishda, "Rossiya razvedkasiga ishlaganlikda" ayblanadi.

Uning oʻzi buni rad etadi.

Daъvo: "Ukrainada saylovlar oʻtkazilmagan, aslida u erda harbiy holat joriy etilgan."

Tramp, shuningdek, Ukrainada 2019 yildan beri prezidentlik saylovlari oʻtkazilmaganiga eъtibor qaratdi. Oʻshanda Zelenskiy – ilgari hech qanday siyosiy tajribasi boʻlmagan komediyachi – hokimiyatga kelgan edi.

Uning birinchi besh yillik vakolat muddati 2024 yil may oyida tugashi kerak edi. Biroq Ukraina 2022 yil fevralida Rossiya bosqini boshlanganidan beri harbiy holatda boʻlib, saylovlar toʻxtatilgan.

Ukrainaning harbiy holat toʻgʻrisidagi qonunlari 2015 yilda – Rossiya Qrim yarim orolini anneksiya qilganidan koʻp oʻtmay va Zelenskiy hamda uning "Xalq xizmatkori" partiyasi hokimiyatga kelishidan bir necha yil oldin ishlab chiqilgan edi.

2024 yil noyabrь oyida Ukraina parlamentidagi barcha partiyalar saylovlarni urush tugagunga qadar qoldirishni qoʻllab-quvvatladilar. Soʻrovlar natijalariga koʻra, bu qarorni ukrainaliklar ham asosan maъqullaydilar.

Xalqaro Respublika Instituti tomonidan sentyabr va oktyabr oylarida ukrainaliklar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovga koʻra, 60 foizdan ortiq aholi urush paytida saylovlar oʻtkazishga qarshi ekan.

Zelenskiy mojaro tugagach, yangi saylovlar oʻtkazishga vaъda berdi, ammo hozircha saylovda qatnashmoqchi ekanini tasdiqlamadi. Baъzi ekspertlar taъkidlashicha, Ukrainada urush tugamasdan saylovlar oʻtkazish deyarli imkonsiz, chunki Rossiyaning koʻplab shaharlarga hujumlari davom etmoqda va millionlab fuqarolar chet elga koʻchgan yoki Rossiya okkupatsiyasi ostida yashamoqda.

Trampning bu mavzuga aralashuvi Kreml Zelenskiyning qonuniyligini shubha ostiga qoʻyganidan bir necha soat oʻtib sodir boʻldi. Chunki uning vakolat muddati tugagan, bu haqda Moskva soʻnggi oylarda bir necha bor taъkidlagan. 28 yanvar kuni Putin Rossiya ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Zelenskiyni "noqonuniy" deb atadi.

Saylov vaziyatiga ishora qilar ekan, Tramp Rossiyaning tez-tez takrorlanayotgan ayblovlaridan xabardor ekanini koʻrsatib, shunday dedi: "Bu Rossiyaning gapi emas, bu men va boshqa mamlakatlardan kelayotgan fikr."

Oʻz navbatida, Zelenskiy avvalroq "saylovlar mavzusini urush oʻrtasiga tashlash mutlaqo masъuliyatsizlik boʻlishini" aytgan edi.

Manba: BBC oʻzbek xizmati

Mavzuga aloqador