20.08.2025 07:05
47
Tojikistonda folbin yoki sehrgarlarga borganlar ham jazolanishi mumkin
Tojikiston hukumati mamlakat parlamentiga folbin va sehrgarlarga borish va ularning xizmatlaridan foydalanish uchun ham jarimalar joriy etishni taklif qildi. Bu haqda ASIA-Plus xabar bermoqda.
Agar taklif qabul qilinsa, folbin va sehrgarlarning mijozlariga 750 somoniygacha (81 dollar atrofida) jarima solinadi.
Qayd etilishicha, soʻnggi bir yil ichida Tojikiston rasmiylari folbinlik va sehrgarlik bilan shugʻullanuvchilarga qarshi kurashni kuchaytirgan. Oʻtgan yilning yozida Tojikiston ichki ishlar vazirligi folbin va sehrgarlarga tashrif buyurgan fuqarolarni hokimiyat idoralariga chaqirib, ularning ismlari va fotosuratlarini idora maъlumotlar bazasiga joylashtirishini bildirgan.
Vazirlikning tushuntirishicha, bu folbin va sehrgarlarni mijozlardan mahrum qilish va oxir-oqibat ularning faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Maъlumot uchun, Tojikistonda folbinlik va sehrgarlik bilan shugʻullanganlik uchun 6000 somoniydan 7500 somoniygacha (taxminan 631,6 dollardan 789,5 dollargacha) jarima tayinlanadi.