26.11.2024 09:28
528
Tojikiston va Pokistonda xitoyliklarning oʻldirilishi nimaga olib kelishi mumkin?
Soʻnggi paytlarda Xitoy millardlab dollar sarmoya kiritayotgan Pokiston va Tojikistonda xitoyliklarga tez-tez hujumlar uyushtirilmoqda. Mutaxassislar bu kabi holatlar Xitoyning keyingi sarmoyalarni kiritishiga toʻsqinlik qilishi mumkinligini aytmoqda. Ayrim kuzatuvchilar esa aksincha, Xitoy oʻz fuqarolarini himoya qilish maqsadida harbiy aralashuvni kuchaytirishi mumkin.
Soʻnggi vaqtlarda Pokiston va Tojikistonda Xitoy fuqarolariga tez-tex hujumlar sodir etilmoqda. Jumladan, Pokistonda bu yil jangarilar etti nafar xitoylik ishchini oʻldirgan. Tojikistonda shu oyda ilk bor Xitoy fuqarosi hujumda halok boʻldi.
Xitoy fuqarolarining oʻldirilishi uzoq vaqtdan beri jangarilar uchun qoʻnalgʻa boʻlib kelgan mintaqada ekstremistik guruhlar imkoniyatlari ortib borayotganini koʻrsatadi, deya yozadi Azathabar.
"Xitoyliklar hafsalasi pir boʻldi"
Bugungi kunda "Bir kamar, bir yoʻl" loyihasining ajralmas qismi boʻlgan Pokistonda minglab Xitoy fuqarolari ishlamoqda.
Islomobod xitoylik ishchilarni himoya qilish uchun maxsus politsiya boʻlinmasini tuzdi, yuzlab nazorat punktlarini oʻrnatdi va megaloyihalar atrofida koʻplab toʻsiqlar oʻrnatdi. Ammo bu choralar soʻnggi yillarda xitoylik ishchilarga nisbatan koʻpayib borayotgan hujumlarni toʻxtata olgani yoʻq.
Mutaxassislar buni asosan Pokiston xavfsizlik va razvedka xizmatlari ishidagi kamchiliklar, shuningdek, Pokiston janubi-gʻarbidagi Balujiston viloyatidagi eng yirik qurolli guruh boʻlmish Balujiston ozodlik armiyasi salohiyatining ortib borayotgani bilan bogʻlashmoqda.
"Xitoy xavfsiz investitsiyalarga ishonadi, yaʻʻni u oʻz loyihalari atrofidagi ziddiyatlarni yoqtirmaydi, - deydi Xitoyning Chjejiang universiteti tadqiqotchisi Jalol Bazvan. - Xitoyliklar Pokiston hukumatining xavfsizlikni taʻʻminlay olmasligidan shunchalik noroziki, keyingi loyihalarga sarmoya kiritishmaydi".
Iqtisodiy jihatdan qashshoq, ammo energiyaga boy mintaqa hisoblangan Balujistonda Xitoy oʻzi tomonidan moliyalashtirilgan oʻnlab infratuzilma, energetika va savdo loyihalarini amalga oshirmoqda. Katta viloyat Afgʻoniston va Eron bilan chegaradosh boʻlib, Islomobodni viloyat tabiiy boyliklaridan foydalanishda ayblayotgan etnik ozchilik boʻlmish balujlar yashaydi.
Oktyabrʻ oyida Balujiston ozodlik armiyasi jangarilari ikki Xitoy fuqarosini oʻldirgan edi. Ular Pokistonning eng yirik shahri Karachi aeroporti yaqinida sodir boʻlgan portlashda halok boʻlgan.
Mart oyida Pokiston shimoli-gʻarbida xudkush terrorchi bomba oʻrnatilgan mashinani xitoylik ishchilar ketayotgan avtobusga urib yuborgan edi. Besh xitoylik halok boʻldi. Hech qaysi guruh javobgarlikni oʻz zimmasiga olmadi.
Oʻz navbatida, soʻnggi yillarda ayirmachi jangarilar guruhi hisoblangan Balujiston ozodlik armiyasining jangovar salohiyati oshgan.
Hisob-kitoblarga koʻra, guruh besh mingga yaqin jangaridan iborat. 2021 yilda qoʻshni Afgʻonistonda "Tolibon" hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Balujiston ozodlik armiyasi Amerika qurollarining Pokistonga kirib kelishi bilan mustahkamlandi.
Balujiston ozodlik armiyasi soʻnggi yillarda xudkushlik hujumlari kabi jangari islomiy guruhlar foydalanadigan taktikani qoʻllagan holda rivojlandi. Guruh oʻz safini ayollarni jalb qilish orqali ham kengaytirmoqda.
Xitoy fuqarolariga qarshi hujumlardan tashqari, Balujiston ozodlik armiyasi Pokiston xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlarini ham kuchaytirdi.
“Mahalliy loyihalardan tushayotgan saxiy xayr-ehsonlar, soliqlar va tovlamachilik, shuningdek, zamonaviy qurollarning sotib olinishi Balujiston ozodlik armiyasiga yanada aniqroq hujumlar uyushtirishga yordam berdi”, deydi Balujistondagi jangari guruhlar tadqiqotchisi Bahut Baloch.
Mutaxassislarning aytishicha, Xitoy Balujistonda zoʻravonlik kuchayib borayotganidan va bu uning Pokistondagi loyihalariga toʻsqinlik qilishi mumkinligidan xavotirda.
Xitoy 19 noyabrʻ kuni soʻnggi besh yil ichida birinchi qoʻshma harbiy aksilterror mashqlarini oʻtkazish uchun shu oy oxirida Pokistonga qoʻshin joʻnatishini maʻʻlum qildi. Xuddi shu kuni Pokiston ham Balujistonda jangarilarga qarshi yangi harbiy hujum boshlash rejasini eʻʻlon qildi.
"Hujumlar kuchayib ketganiga shubha yoʻq, - deydi Pokiston Mojarolar va xavfsizlikni oʻrganish instituti boshqaruvchi direktori Abdulla Xon. - Ammo bu Xitoyni oʻz loyihalarini toʻxtatib, Pokistonni tark etishiga toʻsqinlik qilmaydi. Bir milliard dollar investitsiyalarni toʻxtatish uchun juda katta mablagʻ".
TOJIKISTONDA BIRINChI HUJUM
18 noyabrʻ kuni Tojikiston janubida Afgʻoniston bilan chegarada Xitoy bilan hamkorlikda qurilgan korxonada sodir etilgan hujum natijasida bir Xitoy fuqarosi halok boʻldi, yana toʻrt nafari yaralandi.
Manbalarga koʻra, hujumchilar Afgʻoniston chegarasini kesib oʻtgan. Ammo ularning jangarilarmi yoki giyohvand moddalar savdosiga aloqadormi, hozircha aniq emas. Hududda giyohvand moddalar savdosi keng tarqalgan.
Zarbuzi darasidagi oltin konida Xitoy fuqarolari ishlagani aytilmoqda.
Ushbu hujum Tojikistonda yirik energetika va transport loyihalarini moliyalashtirayotgan Xitoy fuqarosining oʻlimiga olib kelgan birinchi voqea boʻldi.
ushbu halokatli hujum Tojikistonning janubiy chegarasida xavfsizlik bilan bogʻliq muammolar hamon saqlanib qolayotganini koʻrsatdi.
Afgʻonistonda oʻnlab ekstremistik guruhlar, jumladan, “Islomiy davlat-Xuroson” (ID-X), Oʻzbekiston Islomiy Harakati (OʻIH) va asosan Tojikiston fuqarolaridan tashkil topgan “Jamoat Ansorulloh” kabi guruhlar faoliyat yuritadi.
A&M Texas universitetining Markaziy Osiyo boʻyicha eksperti Edvard Lemonning aytishicha, Xitoy uzoq vaqtdan beri Tojikistondagi loyihalari xavfsizligidan xavotirda. Pekin Tojikiston xavfsizlik kuchlarini mustahkamlash uchun katta miqdorda sarmoya kiritgan.
"Menimcha, bu hujum Xitoy sarmoyasiga putur etkazmaydi, aksincha Xitoyning mamlakat xavfsizligini taʻʻminlashdagi rolini kuchaytiradi, - dedi u. - Xitoy sarmoyalarini himoya qilish uchun mamlakatda faoliyat yuritayotgan Xitoyning xususiy xavfsizlik kompaniyalari uchun keyingi harbiy yordam, trening va potentsial kengaytirilgan rolni kutishimiz mumkin".