Tojikiston bosh muftiysi Saidmukarram Abduqodirzodaga poytaxt Dushanbedagi markaziy masjid yaqinida sodir etilgan pichoqli hujum uyushtirildi. Hujum qilgan shaxs ushlangan, engil tan jarohatini olgan bosh muftiy tibbiy koʻrikdan soʻng uyiga joʻnatilgan.

Tojikiston bosh muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda 11 sentyabrʻ kuni poytaxt Dushanbedagi markaziy masjid yaqinida sodir etilgan hujumda yaralandi, deb xabar berdi respublika Ichki ishlar vazirligi.

Vazirlik maʻʻlumotlariga koʻra, “bezori niyatli” shaxs masjiddagi namozdan soʻng muftiyni “teshuvchi buyum” bilan pichoqlagan. Muftiy engil tan jarohati olgan va tibbiy koʻrikdan soʻng uyiga joʻnatilgan. Ichki ishlar vazirligi hujumchi qoʻlga olinganini qoʻshimcha qildi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jarohatlangan muftiy 61 yoshda boʻlib, 2010 yildan buyon Tojikiston Ulamolar kengashini boshqarib kelmoqda. Muftiy diniy taʻʻlimni Pokistonda olgan.

Ulamolar kengashi respublikadagi musulmonlarning oliy organi hisoblanadi. Mamlakatda faqat ushbu tashkilot fatvo berish huquqiga ega.

Iyunʻ oyida Tojikiston parlamenti islomiy liboslar va Ramazon hayitini nishonlashni tartibga soluvchi yangi qonun loyihasini qabul qilganidan keyin hijob va boshqa “xorijiy kiyim” kiyishni rasman taqiqlagan edi. Mart oyida mamlakat prezidenti Emomali Rahmon hijobni “xorijiy kiyim” deb atagan edi. Uning hukumati muqobil sifatida anʻʻanaviy tojik milliy kiyimlarini targʻib qilishga harakat qilmoqda.

Yangi qonunga koʻra, hijob yoki boshqa taqiqlangan diniy kiyim kiygan shaxslar 7920 somoniy (taxminan 700 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Hukumat amaldorlari va diniy arboblar qonunbuzarlik aniqlansa, 54 000 dan 57 600 somoniygacha (4 800 dan 5 100 dollargacha) yanada yuqoriroq jarimaga tortiladi.

Iyulʻ oyida mamlakat hukumati bundan ham uzoqroqqa bordi va aholiga qora kiyim kiymaslikni tavsiya qildi. Mamlakat rasmiylari ham norasmiy ravishda erkaklarni qalin soqol qoʻyishdan qaytarib kelmoqda. Huquq faollari Tojikiston rasmiylarining hijob oʻrash qarorini eʻʻtiqod erkinligining buzilishi sifatida tanqid qildi.

Mavzuga aloqador