09.01.2025 09:12

Tahlil: Suriyadagi fuqarolar urushi va sanktsiyalar iqtisodga qanday taʻʻsir qildi?


 

Suriya iqtisodiyoti oʻn yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushi va uni jahon moliyaviy tizimidan ajratib qoʻygan sanktsiyalar tufayli vayron boʻldi. Ushbu maqolada Suriya iqtisodiyotining hozirgi holati va mojaroning savdo hamda davlat moliyasini qanday oʻzgartirganiga doir umumiy maʻʻlumot keltiriladi. 

 

Suriya iqtisodiyoti qay ahvolda?

 

2024 yil bahorida keltirilgan Suriyaning rasmiy maʻʻlumotlariga koʻra, 2010-2021 yillar oraligʻida mamlakat iqtisodiyoti ikki barobardan koʻproqqa qisqargan. Biroq Jahon banki bu raqam past baholangan boʻlishi mumkinligini taʻʻkidladi. Uning noaniq maʻʻlumotlarga tayanib qilingan hisob-kitoblariga koʻra, umumiy iqtisodiy faoliyat koʻrsatkichi  2010-2023 yillar oraligʻida 84 foizga keskin qisqargan

 

Jahon banki 2018 yilda Suriyani kam daromadli mamlakat sifatida qayta tasnifladi. BMT agentliklari 23 million suriyalikning 90 foizdan ortigʻi qashshoqlik chegarasidan pastda yashashini qayd etdi.

 

Jahon banki maʻʻlumotlariga koʻra, Suriya iqtisodiyoti 2022 yilda 23,63 milliard dollarni tashkil etgan – bu har biri uch milliondan kam aholiga ega boʻlgan Albaniya va Armaniston bilan deyarli teng degani.

 

Suriya valyutasiga nima boʻldi?

 

Suriyaning iqtisodiy inqirozi 2019 yilda qoʻshni Livan inqirozga yuz tutganida yanada chuqurlashdi. Soʻngra Suriya cheklangan qattiq valyutaga kirishni taʻʻminlash maqsadida turli operatsiyalar uchun koʻplab valyuta kurslarini joriy etdi. Dekabrʻ oyida iqtidorga yangi hokimiyat kelganidan soʻng Markaziy bank rasman yagona valyuta kursini joriy etishga vaʻʻda berdi.

 

Markaziy bankning dushanba kungi maʻʻlumotlarida rasmiy kurs 13 065 ni koʻrsatdi. Bu 2011 yil mart oyida dollarga nisbatan taxminan 47 ga teng boʻlgan kurs bilan solishtirganda keskin koʻtarilishdir. Buning sababi mamlakatni fuqarolar urushi qamrab olganidir. Karam Shaar Advisory sayti qora bozor kurslari Asad qulashi atrofida 22 000 gacha koʻtarilganini koʻrsatdi, ammo dushanba kuni 12 800 ni tashkil etdi.

 

Yangi hukumat Maysaa Sabrineni Markaziy bank rahbari etib tayinladi. U bankning 70 yildan ortiq tarixidagi birinchi ayol rahbar boʻldi. 

 

Markaziy bankning joriy zaxiralari nimalardan iborat?

 

Yangi rahbariyat davlat xazinasida nimalar qolganini aniqlash ustida ishlamoqda.

 

Muvaqqat bosh vazir Muhammad al-Bashirning aytishicha, chet el valyutasi zaxiralari juda past. Manbalarning Reuters agentligiga maʻʻlum qilishicha, Markaziy bank gʻaznalarida taxminan 200 million dollar, shuningdek, joriy bozor narxlarida 2,2 milliard dollarlik 26 tonna oltin qolgan.

 

Bu XVJ tomonidan 2010 yilda hisoblangan 18,5 milliard dollarlik zaxiralardan sezilarli darajada past va uch oylik import qoplamasi minimal xavfsiz chegara deb hisoblangan.

 

Gʻarb hukumatlari urush boshlanganidan beri Suriyaning yuzlab million dollarlik aktivlarini muzlatib qoʻygan, ammo ularning aniq hajmi va joylashuvi nomaʻʻlum.

 

Jumladan, Shveytsariya hukumati hozirda mamlakatda 99 million Shveytsariya franki (112 million dollar) qiymatidagi muzlatilgan Suriya aktivlari borligini maʻʻlum qildi. Syria Report axborot byulleteni esa aprelʻ oyida Britaniyada 163,2 million funt sterling (205,76 million dollar) miqdorida muzlatilgan aktivlar boʻlganini taxmin qilgandi.

 

Ayni paytda Gʻarb hukumatlari Suriyaga muzlatilgan mablagʻlardan dori-darmon va oziq-ovqat kabi gumanitar maqsadlarda foydalanishga ruxsat bergan. Oʻz navbatida, yangi hukumat baʻʻzi islohotlarni moliyalashtirishga yordam berish uchun chet elda muzlatilgan aktivlardan 400 million dollargacha olishni moʻljallayotganini maʻʻlum qildi. Jumladan, kelgusi oyda davlat sektoridagi baʻʻzi xodimlarning ish haqlarini 400 foizga oshirish koʻzlangan.

 

Urush va sanktsiyalar savdo va iqtisodiyotga qanday taʻʻsir koʻrsatdi?

 

Jahon banki maʻʻlumotlariga koʻra, neftʻ va turizmdan tushgan daromadlarning kamayishi Suriya eksportini 2010 yildagi 18,4 milliard dollardan 2021 yilda 1,8 milliard dollarga tushirdi. Import ham kamaydi, ammo kamroq farq bilan – 22,7 milliarddan 6,5 milliard dollargacha, chunki import asosan yoqilgʻi va oziq-ovqat mahsulotlariga bogʻliq edi.

 

Ekspertlarning taʻʻkidlashicha, fuqarolar urushi davridagi iqtisodiyotning qisqarishi va boshqa omillar davlat moliya tizimiga bosim oʻtkazdi va uni baʻʻzi import uchun toʻlovlarni amfetaminga oʻxshash psixotrop moddalar sotishdan yoki yoqilgʻi kontrabandasidan olingan noqonuniy naqd pul bilan amalga oshirishga majbur qilgan.

 

Jahon banki maʻʻlumotlariga koʻra, ayniqsa “kaptagon” sintetik giyohvand moddasini ishlab chiqarish eng qimmatli iqtisodiy sektorga aylandi va Suriyadan keladigan bu moddaning umumiy bozor qiymati 5,6 milliard dollargacha etgani taxmin qilinmoqda.

 

Energiya muammolari nimalardan iborat?

 

2010 yilda Suriya kuniga 380 ming barrelʻ (bpd) neftʻ eksport qilgan. Qattiq valyuta daromadining bu manbai 2011 yilda mojaro boshlanishi bilan yoʻqoldi. Turli guruhlar, jumladan, IShID va kurd jangchilari neftʻ konlarini egallab olishdi, kurdlar AQSh kompaniyalari bilan shartnomalar imzoladi. Sanktsiyalar esa qonuniy eksportni qiyinlashtirdi.

Bu yoʻqotish Suriyani asosan ittifoqchilari energiya importi borasida Rossiya va Eronga qaram qilib qoʻydi. Horizon Engage xavf-xatarni baholash konsalting kompaniyasining sanktsiyalar boʻyicha katta maslahatchisi Reychel Zimbaning aytishicha, Suriya dekabrʻ oyi oxirida Tehron yordamni toʻxtatgach, Erondan oyiga taxminan 1-3 million barrelʻ yoqilgʻidan mahrum qolgan.

Uning qoʻshimcha qilishicha, sanktsiyalar va etakchi isyonchi guruh "Hayat Tahrir Ash-Shom" (HTSh)ning terroristik tashkilot deb eʻʻlon qilinishi tufayli xalqaro banklarga kirish imkoniyati yoʻqligi tijorat yoqilgʻisi xarid qilishni murakkablashtirmoqda.

Qishloq xoʻjaligi qanday zarar koʻrdi?

Mojaro va qurgʻoqchilik fermerlar sonini kamaytirdi, sugʻorish tizimlariga zarar etkazdi hamda urugʻlik va oʻgʻitlarga erishish imkoniyatini chekladi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida ishlab chiqarishi 2021 va 2022 yillarda rekord darajada pasaydi, birgina bugʻdoy etishtirish urushdan oldingi yillik toʻrt million tonnadan bir million tonnagacha tushib ketdi.

Suriya Rossiyadan yiliga bir million tonnaga yaqin don import qilgan, ammo yangi hukumat nazoratni qoʻlga olgandan soʻng bu ham toʻxtab qoldi. Ukraina etkazib berishga tayyorligini bildirdi, ammo Suriya buning toʻlovini qanday amalga oshirishi nomaʻʻlum.

Mavzuga aloqador