09.12.2024 19:33
“Syurpriz”lar davri: dunyo oʻzgarishlar yoqasida
XXI asrning dastlabki choragi bir-biriga zid boʻlgan tomonlar kurashi bilan tarixda qoladigan boʻldi. Ayni jabhada ikkinchi darajali davlatlar AQSh gegemonligini cheklash uchun ittifoqlar tuzishga urinayotgan boʻlsa, Amerika oʻzining strategik manfaatlariga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan bunday ittifoqlarning shakllanishini imkon qadar cheklashga urinyapti. Hozirgi kunda dunyo boʻylab roʻy berayotgan istalgan urush, mojaro yoki siyosiy harakatlarga eʻʻtibor qaratsak, yuqoridagi ikki omil tomonidan dastaklab turilganini anglash qiyin emas.
Gʻazoning oʻzi bilan boshlangan, keyin esa atrof mintaqalarga yoyilgan hozirgi urush aslida, Amerikaning nainki mintaqadagi, balki jahondagi mavqei va manfaatlarini saqlab qolishga qaratilgan urushdir. AQSh mana shu sharoitda dunyoning turli mintaqalarida yangi mojarolar olovini yoqishga urinmoqda va ming afsuski buning uddasidan chiqyapti.
2022 yilda Ukraina urushining boshlanishi va, undan ham koʻproq darajada, Gʻazodagi urushning davom etayotgan yangi bosqichi Isroil, Ukraina va Gʻarbni (AQSh boshchiligidagi) bir-biriga yaqinlashtirdi. Shu bilan birga, bu voqealar ularni dunyoning qolgan qismidan yanada uzoqlashtirdi hamda koʻp qutbli global tartibga oʻtish jarayonini tezlashtirdi. Darvoqe, dunyoning ilgʻor siyosatshunoslari anchadan beri koʻp qutbli dunyo tartibiga oʻtish tomon ketilayotgani haqida ogohlantirib kelishayotgandi.
Oʻtgan hafta Koreyada boʻlib oʻtgan tartibsizliklar, ayni damda Pokistondagi qonli toʻqnashuvlar, Ruminiyadagi saylov bilan bogʻliq mojarolar, Gruziyadagi ichki tartibsizliklar hamda Suriyada kechgan shiddatli janglar oqibatida Asad rejimining qulashi va bularning fonida boshqa davlatlarning toʻqnashuvi eskirgan xalqaro munosabatlarni qayta shakllantiruvchi ziddiyatlar inʻʻikosi boʻlmoqda. Quyida asosiy voqealar va ularning keng qamrovli oqibatlari haqida qisqacha tahlil va xulosalar keltirib oʻtiladi.
Ruminiya: saylov inqirozi va demokratik noaniqlik
Ruminiyaning birinchi turdan soʻng prezidentlik saylovini bekor qilish qarori mamlakatni siyosiy tartibsizlikka duchor etdi. Konstitutsiyaviy sud bu harakatni demokratiyani chet el aralashuvidan himoya qilish uchun zarur deb topdi. Biroq, bu misli koʻrilmagan qadam tartibsizliklarga olib keldi va NATOning Sharqiy Evropadagi eng muhim aʻʻzolaridan birida demokratik institutlarning yaxlitligiga shubha uygʻotdi.
Mazkur vaziyat uzoq muddatli siyosiy beqarorlikka olib kelishi hech gap emas. Bu esa Evropa Ittifoqi (EI)ga aʻʻzo davlatlar ichida demokratik meʻʻyorlarni saqlab qolish borasida jiddiy muammolarni tugʻdiradi. Aniqrogʻi, siyosiy boshboshdoqlik, saylov bilan bogʻliq jiddiy mojarolar boshqa qoʻshni davlatlarga ham koʻchib oʻtishi mumkin. Qolaversa, Rossiya va Gʻarb davlatlari oʻrtasidagi geosiyosiy qarama-qarshilikning oʻzi Sharqiy Evropa boʻylab mana shunday tartibsizliklarga sabab boʻlishi ehtimolidan koʻplab tahlilchilar ogohlantirishgan.
Gruziya: ichki noroziliklar va EIga intilish
Gruziya ancha vaqt oldin EIga aʻʻzo boʻlish uchun taklif yoʻllagan, ammo taklif koʻrib chiqilmay toʻxtab qolgandi. Shu tufayli aholi orasida tartibsizliklar kelib chiqqan. Garchi hozirda, dastlab, keng qamrovli tusda kechgan namoyishlar kamaygan boʻlsa-da, hamon oʻz kayfiyatini saqlab qolmoqda. Hukumatning EIga aʻʻzo boʻlish intilishlarini rad etishi zoʻravonlikka, jumladan, otishmalarga, vandalizmga va politsiya bilan toʻqnashuvlarga olib keldi.
Ushbu notinchlik aslida Sharqiy Evropa va Kavkazdagi kengroq noroziliklarga oyna tutadi. Ushbu mamlakatlardagi EIga integratsiyalashuv istaklari koʻpincha ichki siyosat va Rossiya omili bilan toʻqnash keladi. Gruziyadagi tartibsizliklar sabab bir uchi Gʻarbning, yana bir uchi Kremlning qoʻlida boʻlgan “munosabatlar arqoni”ning taranglashuvi va qaysidir kuni uzilishi turgan gap.
Pokiston: fuqarolar urushi sari
Bir yil muqaddam qamoqqa olingan Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon tobora koʻpayib borayotgan huquqiy muammolarga va butun mamlakat boʻylab davom etayotgan noroziliklarga duch kelgani sababli odamlarni fuqarolik itoatsizligiga chaqirdi. Imron Xon hukumatni oʻziga qarshi siyosiy sabablarga asoslangan ishlar qoʻzgʻatishda ayblaydi va oʻz tarafdorlarini u demokratiyaga qarshi hujum deb taʻʻriflayotgan harakatlarga qarshilik koʻrsatish uchun safarbar qilishga vaʻʻda beradi. Vaziyat Pokistondagi siyosiy keskinlikni kuchaytirdi, norozilik namoyishlari shiddati ortdi va mamlakatdagi iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida yanada beqarorlik yuzaga kelishi ehtimolini kuchaytirdi. Tahlilchilar esa ushbu mojaroning asosiy sababi qilib AQSh va harbiy guruhlar oʻrtasidagi raqobatni taʻʻkidlashadi.
Yaqin Sharqdagi burilish nuqtasi
Suriya yana bir bor jahon hamjamiyatining diqqat markaziga tushdi. Oʻtgan hafta Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Dohada mamlakat kelajagini muhokama qilish uchun yigʻildi. Qandaydir siyosiy echimlar oʻz yoʻliga, biroq oʻzaro manfaatlar kesishgan nuqtada qisqa vaqt ichida tinchlikka erishish oson bitadigan ish emas. Rossiya, Eron, Livandagi “Hizbulloh” va boshqa guruhlarning koʻmagi tufayli oʻz mamlakatidagi 13 yillik fuqarolar urushining dastlabki bir necha yilida qoʻldan boy bergan bir qator muhim hududlarni qayta nazoratga olgan Bashar Asad yana bir bor quvildi. Asad rejimini himoya qilgan hukumat qoʻshinlari magʻlubiyatga uchradi. Muxolifat, jumladan, Abu Muhammad Javloniy boshchiligidagi “Hayʻʻat Tahrir ash-Shom” nihoyat muvaffaqiyatga erishib, hukumatni qoʻlga kiritdi. Suriyadagi bu inqilob yaqin oʻn yillar ichida roʻy bergan eng shov-shuvli voqealardan biri boʻlib, kelgusida dunyoning siyosiy manzarasiga taʻʻsir oʻtkazmay kolmaydi.
Xabarlarga koʻra, AQSh mintaqa uchun moʻljallangan, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragan “A” rejasidan voz kechib, yangi “B” rejasini amalga oshirishga kirishgan. Bu esa AQShning ittifoqchilar va raqiblarga boʻlgan yondashuvni oʻzgartirishi tayin. Amerikaning birinchi rejasi Livandagi Islomiy qarshilik harakatini magʻlub etish uchun Isroil harbiy amaliyotiga asoslangan edi.
Biroq Isroilning Livandagi harbiy tajovuzi kuchli qarshilikka duch keldi va bosqinchilar armiyasi oʻt ochishni toʻxtatdi. “A” reja muvaffaqiyatsizligidan soʻng, Amerika boshqacharoq oʻyin boshladi. Bu reja harbiy yoʻl bilan erishilmagan narsalarga siyosiy vositalar orqali erishishni maqsad qiladi. Endilikda Amerika Isroilga tayanish oʻrniga, Livan siyosiy va harbiy maydoniga taʻʻsir oʻtkazish orqali qarshilik harakatini zaiflashtirishga eʻʻtibor qaratmoqda. Ushbu strategiyaning asosiy qismi AQSh maxsus kuchlari va boshqalarni jalb qilish boʻlib, ular Livan qarshilik harakatini qurolsizlantirish hamda uning mavqeini pasaytirish ustida ish olib bormoqda.
Bu yangi bosqich, Amerikaning Yaqin Sharqdagi keng qamrovli strategiyasida Suriyaning muhimligini koʻrsatadi. Unda qarshilik oʻqi uchun muhim logistika markazi hisoblangan Suriya, AQSh va Isroil manfaatlariga qarshi turuvchi kuchlar ittifoqini yoʻq qilish muhimdir. Shu maqsadda Amerika, Suriyani beqarorlashtirishga qaratilgan avvalgi taktikalariga asoslanib, yollanma askarlarni oʻqitish va qurollantirishni davom ettirdi. Bu jarayonda turli guruhlardan foydalanildi. Biroq joriy holat voqealar yoʻnalishini AQShning manfaatlariga zid tarafga oʻzgartirib yuborishi ham mumkin.
Shunga qaramay, Suriyadagi vaziyat musulmon mamlakatlarning (ayniqsa, sunniy va shialarning) oʻzaro dushmanlashuviga olib kelyapti. Bu eʻʻtiborga olinishi kerak boʻlgan yana bir nuqta. Chunki Rossiya, Xitoy va Eron uchburchagi ichida joylashgan mayda mamlakatlar Gʻarb bilan yaqinlashishga majbur boʻlishi, natijada Isroil bilan aloqalarni ijobiy ruhda qayta koʻrib chiqishi mumkin.
Taassufki, dunyo voqealari koʻzi faqatgina oʻz manfaatlarni koʻroladigan musulmon davlatlar siyosatchilarini shuuriy falajlikdan qutqarolmayapti. Jahonda kechayotgan siyosiy oʻyinlar va AQSh boshchiligidagi qudratli mamlakatlarning butun dunyoni oʻz nogʻorasiga oʻynatishga intilishi musulmon mamlakatlari, xalqlarining birligini zaruriy masalaga aylantiradi.