03.02.2024 14:44

Sudanda urishayotgan tomonlar Bahraynda muzokara oʻtkazdi

Sudanda oʻzaro urishayotgan tomonlar Bahraynda muzokaralar oʻtkazib, mamlakat birligini saqlash boʻyicha kelishib olgani maʻʻlum qilindi. Mazkur toʻqnashuvlar 12 ming kishining oʻlimiga, ocharchilik va millionlab insonlarning koʻchirilishiga sabab boʻldi.

Sudan armiyasi va Tezkor harakat kuchlarining yuqori martabali qoʻmondonlari yanvarʻ oyida Bahraynda uch marta uchrashdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Qayd etilishicha, tomonlar qurolli toʻqnashuvlar boshlanganidan buyon oʻtgan 9 oy ichida ilk bor bunday darajadagi muzokaralarni oʻtkazgan. Uchrashuvlar urushni tugatish boʻyicha siyosiy kelishuvga erishish uchun turli davlatlar tomonidan bir necha marta vositachilik harakatlaridan soʻng boshlandi. Muzokalar Misr, BAA, AQSh va Saudiya Arabistoni rasmiylari ishtirokida boʻlib oʻtgan.

Sudan armiyasi delegatsiyasiga Qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni oʻrinbosari general-mayor Shamsuddin Kabbashi, Tezkor harakat kuchlariga esa qoʻmondonning ukasi, general-mayor Abdurrahim Dagalo vakillik qildi. Qayd etilganidek, tomonlar mamlakat birligini saqlash masalasini ham oʻz ichiga olgan tamoyillar deklaratsiyasi boʻyicha kelishib oldi.

2023 yil aprelʻ oyidan beri Sudanda ikki tomon oʻrtasida janglar davom etmoqda. Mojaro fuqarolik boshqaruviga siyosiy oʻtish doirasida armiya va Tezkor harakat kuchlari vakolatlari borasidagi kelishmovchiliklardan kelib chiqqan.

BMT hisob-kitoblariga koʻra, toʻqnashuvlar allaqachon 13 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan, shuningdek, ocharchilik va koʻp sonli qochqinlarning yuzaga kelishiga olib kelgan.

Mavzuga aloqador