23.11.2024 08:42

Starbucks Isroilga qarshi davom etayotgan boykot tufayli Malayziyadagi 50 ta filialini yopdi




Malayziyaliklar tomonidan Isroilga qarshi boykot sababli Starbucks  kompaniyasi mamlakatdagi 408 ta doʻkonidan 50 tasini vaqtincha yopishga majbur boʻldi. Kompaniya savdolari ikki barobarga qisqargan va yarim yillikda 20,5 million dollar zarar koʻrgan.

Malayziyaning The Rakyat Post nashriga koʻra, Starbucks butun mamlakat boʻylab 408 ta doʻkonidan 50 tasini vaqtincha yopgan. Ushbu yopilishlar sababi, garchi toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinmagan boʻlsa-da, Isroilning Gʻazo sektoriga qarshi davom etayotgan hujumi bilan bogʻliq.

Malayziya boʻylab mashhur Amerika kofe tarmogʻini boshqaradigan Berjaya Food kompaniyasining avgust oxiridagi hisobotida "joriy chorakdagi daromadlar sezilarli kamaygani, soliqqa tortishgacha boʻlgan yoʻqotishlar asosan Yaqin Sharqdagi mojaroga nisbatan joriy kayfiyat bilan bogʻliq" ekani taʻʻkidlangan edi.

Xabar qilinishicha, Berjaya Food iyunʻ oyida yakunlangan ikkinchi chorak davomida 38,2 million ringit (8,6 million AQSh dollari) sof zarar koʻrgan, savdolar ikki baravardan koʻproq qisqargan, yarim yillik sof zarar esa 20,5 million dollarni tashkil etgan.

Kompaniyaning qayd etishicha, doʻkonlar vaqtincha yopilgani bilan hech bir xodim zarar koʻrmagan, ular faoliyat koʻrsatib turgan boshqa filiallarga oʻtkazilgan.

Mavzuga aloqador