Somali va Misr harbiy hamkorlikni mustahkamlamoqchi
Somali mudofaa vaziri Ahmad Muallim Fiqhiy va uning misrlik mavqedoshi Abdul Majid Saqr ikki davlat oʻrtasidagi harbiy hamkorlikni mustahkamlash masalasini muhokama qildi. Bu haqda Somali mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29 sentyabrь kuni Qohirada boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar mintaqada tinchlik va barqarorlikni taъminlash uchun birgalikda harakat qilishini bildirgandi.
Vazir Fiqhiy Misrning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi muhim roli uchun minnatdorlik bildirgan va ikki davlat ham oʻzaro manfaatli boʻlgan strategik masalalar boʻyicha hamfikr ekanini taъkidlagan.
Oʻz navbatida Misr mudofaa vaziri Qohira Mogadisho bilan harbiy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, Afrika ittifoqining Somalida barqarorlikni taъminlash missiyasi (AUSSOM) tarkibidagi Misr harbiylari yaqin vaqt ichida Somaliga yuborilishini tasdiqlagan.
Avgust oyida AUSSOM tarkibidagi Misr kuchlari ilk tayyorgarlik bosqichini yakunlagandi. Yanvarь oyida Somali va Misr «Ash-Shabob» jangarilariga qarshi kurashda hamkorlik qilishga kelishib olgan edi.