18.01.2024 16:57

Indoneziya prezidenti yangi poytaxtdagi ilk masjidning tamal toshini qoʻydi

Indoneziya poytaxtni aholi gavjum boʻlgan Jakartadan Borneo oroliga koʻchirishni rejalashtirmoqda. 2045 yilgacha qurib bitkazilishi kutilayotgan Nusantara shahridagi ilk masjidning tamal toshi qoʻyildi.

Indoneziya prezidenti Joko Vidodo chorshanba kuni mamlakatning yangi poytaxti - Nusantara shahri ilk masjidning tamal toshini qoʻydi, deya xabar bermoqda Arab News.

“Masjidning qurilish qiymati 62 million dollarni tashkil etadi. Bu katta masjid boʻladi. Umid qilamanki, u Indoneziya madaniyatining xilma-xilligini hamda iymonimiz va Allohga boʻlgan qoʻrquvimizni oshirishga yordam beradi. Ushbu masjid Indoneziya ramziga aylanishini istayman”, — dedi davlat rahbari.

Masjid diniy majmuaning bir qismi boʻlib, unda cherkov, buddist va hindu ibodatxonalari ham boʻladi.

Prezident masjiddan tashqari boʻlajak poytaxtda pochta boʻlimlari tarmogʻi va RRI davlat radiokompaniyasi uchun studiya qurilishini ham boshlab berdi.

Hukumat poytaxtni gavjum Jakartadan Borneo oroliga koʻchirishni rejalashtirmoqda. Loyihani 2045 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Yangi shaharni qurish qiymati taxminan 32 milliard dollarga baholanmoqda. 

Mavzuga aloqador