05.02.2025 07:44

Shvetsiyada maktabga qurolli hujum uyushtirildi



2025 yil 4 fevralʻ kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da Shvetsiyaning Erebru shahridagi Risbergska oʻrta maktabi kampusida qurolli hujum sodir boʻldi. Hujumchi avtomatik qurol bilan 10 kishini oʻldirgan. Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson bu hodisani "Shvetsiya tarixidagi eng yomon ommaviy otishma" deb atadi.

Politsiyaning maʻʻlum qilishicha, hujumchi qurbonlar orasida boʻlib, hodisa "terroristik maqsadda" amalga oshirilmagan va boshqa hujumlar xavfi yoʻq. Hujum mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da Risbergska oʻrta maktabi kampusida sodir boʻlgan.

Bosh vazir Ulf Kristersson Adliya vaziri Gunnar Stryommer bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida hodisani qoralab, hujumning sabablari hali nomaʻʻlumligini taʻʻkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, bu hodisa "Shvetsiyada sodir boʻlmasligi kerak edi".

Adliya vaziri Stryommer hujumchi voqea joyida halok boʻlganini va uning shaxsi politsiyaga avvaldan maʻʻlum boʻlmaganini tasdiqladi. Hujumning sabablari va maqsadlari hozirda tergov qilinmoqda.

Hujum Stokgolʻmdan 200 kilometr gʻarbda joylashgan Erebru shahrida sodir boʻlgan. Erebru taxminan 160 ming aholiga ega boʻlib, Shvetsiyaning oltinchi yirik shahri hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, Shvetsiyadagi eng jiddiy maktab hujumlaridan biri 2015 yilda Trollhettan shahridagi Kronan maktabida sodir boʻlgan edi. Ushbu hujumda qilichli hujumchi ikki kishini oʻldirib, bir necha kishini yaralagandi. 

Mavzuga aloqador