01.07.2024 11:44

Shri-Lanka urushda halok boʻlgan fuqarolari uchun Rossiyadan tovon puli talab qildi

Shri-Lanka tashqi ishlar vaziri Taraka Balasuriya Moskvaga tashrifi chogʻida Ukrainadagi urushda Rossiya qurolli kuchlari tarkibida halok boʻlgan va yaralangan mamlakat fuqarolarining oilalariga tovon puli masalasini koʻtardi. Bu haqda Shri-Lanka TIV axborot xizmati xabar berdi.

"Suhbat chogʻida 17 nafar Shri-Lanka fuqarosining janglarda halok boʻlgani, oʻldirilganlar va yaradorlar uchun tovon puli toʻlash, aloqaga chiqish imkoni boʻlmagan shri-lankaliklarning ahvoli, ixtiyoriy ravishda qaytish imkoniyati, shartnomalarni muddatidan oldin bekor qilish va pul boʻyicha munosabatlarni tartibga solish masalalari muhokama qilindi", – deyiladi bayonotda.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi uchrashuv tafsilotlari haqida maʻʻlumot bermagan. Departament xabarida taʻʻkidlanishicha, RF tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Andrey Rudenko bilan soʻnggi uchrashuvda tomonlar "ikki davlat kun tartibidagi dolzarb masalalar"ni muhokama qilgan va ikki tomonlama muloqot dinamikasini saqlab qolishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirgan, "siyosiy, savdo va iqtisodiy sohalardagi aloqalar" koʻrib chiqilgan. 

Maʻʻlumot uchun, 2024 yilning may oyida Shri-Lanka hukumati mamlakat fuqarolarini Ukrainadagi urushga yollash ishlariga aloqador tergov boshlagandi. Shri-Lanka rasmiylariga koʻra, oʻsha paytda kamida 17 kishi halok boʻlgan, 37 kishi yaralangan va oʻndan ortiq odam asirda saqlangan boʻlishi mumkin.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Taraka Balasuriya 30 may kuni Shri-Lanka fuqarolari aldov yoʻli bilan Rossiyaga yaxshi maosh va imtiyozlar, jumladan, Rossiya fuqaroligi vaʻʻda qilingan holda olib ketilganini aytgan. Unga koʻra, Tashqi ishlar vazirligiga ushbu mavzu boʻyicha fuqarolardan 455 ta murojaat kelib tushgan. AFP maʻʻlumotlariga koʻra, shri-lankaliklarga oyiga 2000 evrodan ortiq maosh vaʻʻda qilingan, bu ularning oʻrtacha daromadidan taxminan 13 barobar koʻp.

Mavzuga aloqador