13.09.2024 14:54

Shoygu va Kim Chen In Pxenʻyanda uchrashdi

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Pxenʻyanda Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In bilan uchrashdi. Uchrashuv oʻta maxfiy, doʻstona muhitda oʻtgani xabar qilindi.

Pxenʻyanda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu va Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi matbuot xizmati xabar qildi.

“13 sentyabrʻ kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi S.K.Shoygu boshchiligidagi delegatsiya Pxenʻyanda boʻldi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida davom etayotgan strategik muloqot doirasida koreyalik hamkasblarimiz bilan ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi keng koʻlamli masalalar yuzasidan mazmunli fikr almashildi”, — deyiladi xabarda.

Xabarda qayd etilishicha, Shoyguni KXDR davlat ishlari boʻyicha raisi Kim Chen In qabul qilgan.

“Pxenyandagi uchrashuvlar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning joriy yil iyunʻ oyida Pxenʻyanga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarga muvofiq oʻta maxfiy, doʻstona muhitda oʻtdi. Ular oʻzlari imzolagan har tomonlama strategik sheriklik toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitim qoidalarini amalga oshirishga muhim hissa qoʻshadilar”, — deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Shimoliy Koreya 2022 yil oʻrtalaridan beri Rossiyaga 13 mingdan ortiq qurol-yarogʻ ortilgan yuk konteynerlarini joʻnatgani haqida xabar bergan edik.

The New York Times 11 sentyabrʻ kuni Kievda Shimoliy Koreyaning 4 ta Hwasong-11 ballistik raketasi qoldiqlari aniqlanganini xabar qildi. Bu raketalar markirovkasida 2024 yilda ishlab chiqarilgani yozilgan. 

Mavzuga aloqador