19.06.2024 15:53

24 yil deganda Shimoliy Koreyaga borgan Putin Kim bilan nimalarga kelishdi?



18 iyunʻ kuni tunda Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Shimoliy Koreyaga bordi. Uni aeroportda shaxsan KXDR davlat rahbari Kim Chen In kutib oldi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu Putinning 24 yil deganda Shimoliy Koreyaga uyushtirilgan ikkinchi tashrifidir. Uning birinchi rasmiy tashrifi prezidentlik muddati boshida, 2000 yil amalga oshirilgan. Oʻshanda u Shimoliy Koreyaning hozirgi rahbarining otasi – Kim Chen Ir bilan uchrashgan va ikki mamlakat hamkorligi toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya qabul qilingan edi.

KXDRning hozirgi rahbari Kim Chen In esa ikki marta Rossiyaga borgan, oxirgisi – 2023 yil kuziga toʻgʻri kelib, oʻshanda Vladimir Putin bilan "Vostochniy" kosmodromini tomosha qilgandi. Xuddi shu safarida Kim Putinni Shimoliy Koreyaga taklif qilgandi.

Ekspertlarning fikricha, Rossiyaning Ukrainaga bosqinining uchinchi yilida bir-birini zarur vositalar bilan taʻʻminlovchi Shimoliy Koreya hamda Rossiyaning oʻzaro aloqalari yanada kuchaygan. 

Bunga tashrifning ikkinchi – 19 iyunʻ kuni Putin va Kim Chen Inning Pxenʻyanda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolagani ham misol boʻla oladi. 

"Boshqa narsalar qatori, hujjat ishtirokchilardan biriga tajovuz sodir boʻlgan taqdirda oʻzaro yordam koʻrsatishni nazarda tutadi", – dedi Putin chorshanba kuni Kim Chen In bilan muzokaralar yakunlari boʻyicha.

Rossiya prezidenti AQSh va boshqa NATO davlatlarining Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berish uchun yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi qurol tizimlari, F-16 qiruvchi samolyotlari va shu kabi boshqa qurol hamda jihozlar etkazib berilishi haqidagi bayonotlariga ham eʻʻtibor qaratdi. 

"Bularning barchasi Gʻarb davlatlari tomonidan turli xil xalqaro majburiyatlar doirasida oʻz zimmalariga olgan cheklovlarni qoʻpol ravishda buzishdir", – deya qoʻshimcha qildi Rossiya etakchisi. 

Rus nashrlarining yozishicha, Pxenʻyanda imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasi SSSR va RF Shimoliy Koreya bilan 1961, 2000 va 2001 yillarda imzolangan asosiy hujjatlar oʻrnini egallaydi hamda uzoq muddatli istiqbolda ikki tomonlama munosabatlar asosini tashkil etuvchi asosiy hujjatga aylanadi.

Gʻarb bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Rossiya va Shimoliy Koreya oʻrtasidagi harbiy hamkorlikning yanada chuqurlashishiga olib kelishidan xavotirda. Putinning KXDRga tashrifi natijasida Kim Chen In Rossiyaga oʻq-dorilar etkazib berish hajmini oshirishga qaror qilishi mumkin.  

Jumladan ikki tomonlama munosabatlarning "yangi davri" boshlanayotganini taʻʻkidlayotgan Putin va Kim bir-birlari bilan sovgʻalar almashdi. Putin Kim Chen Inga yangi "Aurus" avtomobili, admirallik xanjari va serviz sovgʻa qildi, Kim esa Rossiya prezidentiga "bir qancha sanʻʻat asarlarini" topshirdi.

Mavzuga aloqador