20.05.2025 17:16
153

Saudiyaga Haj ziyorati uchun 600 mingdan ortiq xorijlik etib bordi



Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi maъlum qilishicha, hozirgacha mamlakatga quruqlik, havo va dengiz orqali 600 mingdan ortiq ziyoratchi borgan. Bu Haj mavsumi uchun taqdim etiladigan umumiy vizalarning 42 foizini tashkil etib, xorijiy ziyoratchilar oqimi tezlashib borayotganini koʻrsatadi.

Haj va Umra ishlari vaziri Tavfiq Al-Rabia 1446-hijriy yil Haj mavsumiga tayyorgarlik doirasida muqaddas joylardagi infratuzilma va xizmatlarni shaxsan koʻzdan kechirgan. U xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalarning jihozlari, joylashtirish rejalari va xizmatlar sifatini ham tekshirgan.

Joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihalar doirasida Mino vodiysida 200 oʻrinli yangi shifoxona, piyodalar yoʻllari boʻylab 71 ta birinchi yordam punkti, Namira masjidi yaqinidagi 85 ming kvadrat metrlik maydonda soyabonlar va sovutish tizimlari, 320 ta soyabon hamda 350 ta suv purkagichli ventilyator oʻrnatilishi, shuningdek, vodiydagi 2116 ta eski hojatxona oʻrniga 61 ta ikki qavatli zamonaviy majmua qurilib, jami 5600 dan ortiq hojatxona ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, “Yashil Saudiya Arabistoni” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan “Yashil muqaddas joylar” loyihasiga muvofiq, 290 ming kvadrat metr maydonga 20 ming tup daraxt ekilgan.

Mavzuga aloqador