03.10.2025 14:05
61
Saudiya sahrosida 12 ming yillik qoyatosh tasvirlari topildi
Arxeologlar Saudiya Arabistonining Nefud sahrosidagi qoyalarga oʻyib ishlangan, tabiiy oʻlchamdagi hayvon tasvirlarini aniqladi. Bu topilma Arabiston yarim orolining shimolida insoniyat tarixi avval taxmin qilinganidan kamida 2000 yil qadimroq ekanini koʻrsatdi.
“Nature Communications” ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, ushbu monumental sanъat namunalari bundan 11 400 — 12 800 yil avval yaratilgan. Ular bir vaqtlar kimsasiz deb hisoblangan bu hududlarda murakkab ovchi-teruvchi jamoalar yashaganidan dalolat beradi.
“Yashil Arabiston” loyihasi doirasida Maks Plank nomidagi Geoantropologiya instituti va Saudiya Arabistoni Meros qoʻmitasi boshchiligidagi xalqaro ekspeditsiya uchta hududda — Jabal Arnan, Jabal Mleyha va Jabal Mismada — jami 176 ta oʻyma tasvirni topdi.
Topilmalar orasida 90 ta tuyaning tabiiy kattalikdagi tasviri alohida ajralib turadi. Shuningdek, qoyalarda togʻ echkilari, jayronlar, otsimonlar va hozirda qirilib ketgan, yashash uchun koʻp suv talab qiladigan yovvoyi buqalarning haykaltaroshlik darajasidagi aniq tasvirlari ham saqlanib qolgan. Bu esa mintaqa iqlimi oʻtmishda ancha namchil boʻlganini koʻrsatadi.