27.06.2024 11:25
Rus millatchilari Moskva yaqinidagi namozxona eshigini portlatdi
23 iyunʻ kuni radikal rus millatchilari Fryazino (Moskvadan 20 km uzoqlikda joylashgan shahar) dagi musulmonlar namozxonasi eshigini portlatib yubordi. Lekin bu haqda Rossiya hukumati lom-mim demadi, deb yozadi No Futue nashri.
Qayd etilishicha, buzgʻunchilar "Yoʻl" Islom markazining namoz oʻqiladigan va diniy bayramlar nishonlanadigan kirish qismini portlatib yuborgan. Portlash uchun javobgarlikni 2023 yil 16 yanvarda Rossiya Federatsiyasida terrorchi deb tan olingan neonatsistlar tashkiloti – "Manʻyaklar" (MKU) guruhi oʻz zimmasiga olgan.
Eʻʻtiborlisi, "Yoʻl" tashkiloti raisi Murod Saidov nashrga bu haqda eng avval uni politsiya xabardor qilganini aytadi.
“Men politsiyaga murojaat qilmadim, aksincha, meni organ xodimlari chaqirtirishdi. Ayni paytda, ular hech qanday taxmin bildirishmayapti. Kimdir ichib, bezorilik qilgan va namozxona eshigini portlatgan boʻlishi mumkinligini aytishdi", – degan Saidov.
U, shuningdek, ushbu terakt musulmonlarni yanada ehtiyotkor boʻlishga undashini qoʻshimcha qilgan.