13.05.2024 15:15
Rossiyaning Belgorod shahrida bir sutkada snaryadlar tufayli 19 kishi halok boʻldi
Ukraina qoʻshinlari Rossiyaning Belgorod shahrini oʻqqa tutishi natijasida bir kunda 19 kishi halok boʻldi. Qurbonlarning 3 nafari bevosita hujumlarda hayotdan koʻz yumgan boʻlsa, 15 nafari 10 qavatli uyning kirish yoʻlagi qulashi natijasida olamdan oʻtgan. Shuningdek, 27 kishi jarohatlandi.
Belgorodda 12 may, yakshanba kuni sodir boʻlgan oʻqqa tutilishi natijasida 19 kishi halok boʻldi. Bu haqda gubernator Vyacheslav Gladkov 13 may, dushanba kuni oʻzining Telegram`dagi kanalida maʻʻlum qilib, hujumda Ukraina Qurolli kuchlarini aybladi.
Viloyat rahbari Shors koʻchasidagi turar-joy binosi vayronalarini tozalashning asosiy qismi yakunlangani, shu kungacha vayronalar ostidan 15 kishining jasadi chiqarilganini maʻʻlum qildi.
“Kecha kechki otishma chogʻida yana 3 nafar tinch aholi vakili halok boʻldi. 11 may kuni jarohat olgan yana bir ayol shifoxonada vafot etgan”, - dedi Gladkov.
Gubernator shuningdek, otishma natijasida 27 kishi jarohatlanganini, 6 kishi federal klinikalarga yuborilishini aytdi.
“27 kishi jarohat oldi. Ulardan oʻn nafariga ambulator yordam koʻrsatilib, uylariga joʻnatilgan. Olti kishi hozir federal klinikalarga yuborishga tayyorlanmoqda, ular orasida bir yarim oylik bola va uning onasi ham bor. Kasalxonalarimizda 11 kishi qolmoqda – ularning barchasiga zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda”, - deb yozadi u.
12 may kuni ertalab Belgorod viloyatidagi Favqulodda vaziyatlar vazirligi olti marta raketa xavfini eʻʻlon qildi. Soat 11:50 da toʻgʻridan-toʻgʻri raketaning Xargori mavzesidagi turar-joy binosiga tegishi natijasida koʻp qavatli uyning uchinchi kirish yoʻlagi butunlay qulab tushdi.
Shu bilan birga, 13 may, dushanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, havo hujumidan mudofaa tizimlari bir kechada Belgorod, Kursk va Lipetsk viloyatlari, shuningdek ishgʻol qilingan Qrim ustidan 31 ta uchuvchisiz uchoqni yoʻq qilgan va tutib olgan, 4 ta Storm Shadow raketasi va 12 ta “Vilxa” yalpi oʻt ochish reaktiv tizimi snaryadlarini urib tushirgan.
Mart oyi oʻrtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya hududiga yangi zarbalar berishga “vaʻʻda bergan”. Ukraina rahbari oʻzining Telegram-kanalida harbiy rahbariyat bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda “eng zaif nuqtalar” aniqlanganini yozdi. Siyosatchining aytishicha, Ukraina Qurolli kuchlari zarbalarni "eng katta zarar" bilan amalga oshiradi.