19.05.2025 11:03
181

Rossiyaga kirish uchun QR kod kerak boʻladi



2025 yil 30 iyundan boshlab vizasiz tartibda Rossiyaga kelayotgan chet el fuqarolari "Gosuslugi RuID" mobil ilovasi orqali oldindan roʻyxatdan oʻtishi va QR kod olishi shart boʻladi. Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik boʻlimi bu haqda ogohlantirish berdi.

QR kodni chegaradan oʻtishda taqdim etish talab etiladi.

Roʻyxatdan oʻtish uchun shaxsiy kabinet yaratish, fotosurat va shaxsiy maъlumotlarni yuklash va Rossiyada boʻlish muddatini koʻrsatish kerak. Ariza safardan kamida 72 soat oldin berilishi lozim.

Xabarda aytilishicha, agar kelish zarurati toʻsatdan (masalan, ogʻir kasallik yoki yaqin qarindosh vafoti) paydo boʻlsa, arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin.

Belarusь fuqarolari, 6 yoshgacha boʻlgan bolalar, viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega shaxslar roʻyxatdan oʻtishdan ozod qilinadi.

6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun arizani ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi – ularda ham shaxsiy roʻyxatdan oʻtish kodi boʻlishi shart.

Mavzuga aloqador