09.04.2024 09:46

Rossiyadagi qamoqxonada Qurʻʻon musobaqasi boʻlib oʻtdi

Rossiya Federatsiyasining Mordoviya Respublikasidagi axloq tuzatish koloniyasida mahkumlar oʻrtasida Qurʻʻoni musobaqasi boʻlib oʻtdi. Qurʻʻoni karimni toʻgʻri qiroat qilish va azon aytish nominatsiyalarida gʻoliblarga Qurʻʻoni karim va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Jazoni ijro etish federal xizmati Mordoviya Respublikasi boʻyicha departamentiga qarashli 12-sonli axloq tuzatish koloniyasi mahkumlari oʻrtasida Qurʻʻoni karim qorilari musobaqasi boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Islam News.

Musobaqa Mordoviya Respublikasi musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi va mintaqaviy Jazoni ijro etish federal xizmati tomonidan tashkil etildi.

Tanlovdan koʻzlangan maqsad – “Mahkumlarni maʻʻnaviy bilim olish va qonunga boʻysunuvchi hayotga qaytarish, Muqaddas Bitikning umumbashariy amrlarini tushunish orqali shaxs va davlatga hurmatli munosabatni shakllantirish, ularni islohotga undash; anʻʻanaviy din vakillari va turli millat vakillari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini shakllantirish, ozodlikdan mahrum qilish joylariga radikal va ekstremistik gʻoyalar kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik; integratsiya va oʻzaro tushunish maqsadida Rossiya va MDH mamlakatlarida yashovchi xalqlarning eng yaxshi yutuq va anʻʻanalarini targʻib qilishdan iborat”, — dedi Mordoviya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi raisi Shamil Sobitov.

Musobaqa 2 nominatsiya boʻyicha oʻtkazildi. “Qurʻʻoni karim matnini asl tilida toʻgʻri oʻqish” nominatsiyasida birinchi oʻrinni Ahmad Abdelfattoh, ikkinchi oʻrinni Arsen Jalolov, uchinchi oʻrinni Akbarjon Toʻlanboev egalladi. Ikkinchi nominatsiya – “Azon aytish”. Ushbu nominatsiyada oʻrinlar quyidagicha taqsimlandi: birinchi oʻrin – Ravshanbek Homidov, ikkinchi – Jahongir Toirov, uchinchi – Beksulton Abjaparov.

Tadbir soʻngida tanlov ishtirokchilariga faxriy yorliqlar, gʻoliblarga esa diplom va qimmatbaho hadyalar: Qurʻʻon va sovgʻalar toʻplami topshirildi.

Avvalroq Mordoviyadagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasida pravoslav va musulmonlar uchun ibodatxonalar ochilgani xabar qilingandi.

Mavzuga aloqador