04.01.2024 16:44

Rossiyada harbiy xizmat uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga fuqarolik beriladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qurolli Kuchlarda xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini berish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi RIA Novosti.

"Maxsus harbiy operatsiya paytida Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari yoki harbiy tuzilmalarida harbiy xizmatni oʻtash uchun shartnoma tuzgan chet el fuqarolari Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish uchun ariza berish huquqiga ega", deyiladi farmonda.

Unga koʻra, Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushi davomida Qurolli Kuchlar yoki harbiy tuzilmalarda muddatli harbiy xizmatni oʻtagan xorijliklar va shu davrda armiyadan nafaqaga chiqqan askarlar ham Rossiya pasportini olishlari mumkin boʻladi.

Hujjatda aytilishicha, Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza topshirgan chet elliklar barmoq izini majburiy roʻyxatdan oʻtkazishadi. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgani uchun Rossiya fuqaroligiga ariza bergan xorijliklarning turmush oʻrtoqlari va farzandlari “shifokor tayinlovisiz giyohvand moddalar va psixotrop vositalar yoxud yangi potentsial xavfli psixoaktiv moddalar qabul qilmasligi, shuningdek, atrofdagilarga xavf tugʻdiradigan yuqumli kasalliklarga chalinmaganini tasdiqlovchi” tibbiy maʻʻlumotnomani ham taqdim etishlari zarur.

Shuningdek, ularga OIV yoʻqligi toʻgʻrisidagi guvohnoma ham kerak boʻladi.

Mavzuga aloqador