04.08.2024 09:21
717

Rossiya shiddatli hujumlar bilan ilgarilamoqda

Rossiya boshqariluvchi aviabombalar yomgʻiri va piyodalar hujum orqali Ukraina sharqida ilgarilamoqda. Bir hafta ichida 57 kv km ukrain zaminini oʻziga qoʻshib oldi. Tinch aholi evakuatsiya qilinmoqda.

Rossiya qoʻshinlari Donetsk viloyatida, ayniqsa strategik ahamiyatga ega Pokrovsk shahri hududida hujumlarini kuchaytirdi. Bir hafta ichida taxminan 57 kv km hududni bosib olishga muvaffaq boʻlishdi, bu - bahordan beri eng katta hududiy yutuqlardan.

Rossiya kuchlari avval aviazarbalar yomgʻirini yogʻdirib, soʻngra piyodalar hujumi taktikasini qoʻllamoqda.

«Bu katta tahdid... chunki Pokrovskiy va Toretskiy jabhalari ukrainalik himoyachilar pozitsiyalariga berilayotgan har kunlik aviazarbalarning katta qismini oʻziga qabul qilib olmoqda», - dedi Ukraina Milliy gvardiyasi vakili Ruslan Muzychuk Reuters agentligiga.

Kievlik aviatsiya eksperti Valeriy Romanenkoning taʻʻkidlashicha, ruslar oʻz taktikasida boshqariladigan bombalar va "goʻsht hujumlari"ga (qancha insoniy yoʻqotishlar boʻlishidan qatʻʻi nazar, dushman istehkomlariga yuzma-yuz piyoda hujumi – tahr.) tayanmoqda.

«Ruslar bizning himoyamizni yorib oʻtayotgani yoʻq, ularni orqaga itarib tashlamoqda. Ular har kuni ushbu taktikadan foydalangan holda 100, 150, 200 metr oldinga siljishmoqda: boshqariladigan bombalarni tashlash, keyin “goʻsht hujumi”, hujum bartaraf etilsa, yana boshqariladigan bombalarni tashlab, yana “goʻsht hujumi”», - deya tushuntirdi u.

Hujumlar jang maydonidan qochgan tinch aholi sonining keskin koʻpayishiga olib keldi. Koʻngilli Roman Bugaevning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki hafta ichida evakuatsiya qilish haqidagi soʻrovlar soni taxminan oʻn baravar koʻpaygan.

Novogrodovkadan evakuatsiya qilingan Antonina Kalashnikova oʻz tajribasi haqida shunday dedi: «Ular qattiq bombardimon qila boshlashdi va bu juda qoʻrqinchli boʻldi. Tun boʻyi uxlay olmadik va ketishga qaror qildik».

Rossiya Mudofaa vazirligi oʻtgan haftada Donetsk viloyatidagi beshta aholi punkti qoʻlga olinganini maʻʻlum qildi. Mutaxassislarning qayd etishicha, Ukraina qoʻshinlari frontning bir qancha sektorlarida jiddiy bosim ostida.

Mavzuga aloqador