Rossiya qoʻshinlari Ukraina sharqidagi Ugledar shahri, Ukraina harbiylarining Donetsk viloyatidagi strategik nuqtasi ustidan toʻliq nazorat oʻrnatdi. Ugledar 2022 yilda urush boshlanganidan beri Rossiyaning shiddatli hujumlariga dosh berdi va 2,5 yil davomida egallashga boʻlgan barcha urinishlariga qarshi kurashib kelayotgandi.

1 oktyabrʻ kuni Rossiyaning Telegram-kanallarida rossiyalik harbiy xizmatchilarning vayron boʻlgan binolar ustida rus bayrogʻini silkitayotgani aks etgan video chop etildi. Urushdan oldin 14 mingdan ortiq kishi yashagan shahar butunlay vayron boʻlgan - Ukraina barcha aholisini evakuatsiya qilgan.

"Moskovskiy komsomolets" gazetasining yozishicha, Ugledar Ukraina qoʻshinlarining 72-mexanizatsiyalashgan brigadasi seshanba kuni kechqurun shaharni tark etgandan soʻng egallangan.

SHOT Telegram-kanali va rossiyaparast harbiy blogerlar Rossiya Mudofaa vazirligidan rasmiy xabar berilmagan boʻlsa-da, Ugledar toʻliq Rossiya nazorati ostida ekanligini tasdiqladi. 1 oktyabrʻ kuni Ukraina hukumatining mintaqadagi vakili rus qoʻshinlari Ugledar markaziga etib kelganini tasdiqladi.

Sharqiy va janubiy jabhalar kesishmasida joylashgan Ugledarni nazorat qilish strategik jihatdan juda muhim boʻlib, u Ukraina mudofaa chizigʻiga chuqurroq kirib borishga urinayotgan Rossiya yurishlarini engillashtiradi. Chunki Ugledar Qrimni Donbass bilan bogʻlaydigan temir yoʻl liniyasi yaqinida joylashgan. Rossiya harbiylarining navbatdagi nishoni - Ugledardan 80 km uzoqlikda joylashgan Pokrovsk.

Prezident Vladimir Putin iyulʻ oyida Rossiyaning asosiy taktik maqsadi Ukraina janubi-sharqidagi butun Donbass mintaqasini nazorat ostiga olish ekanligini aytgandi. Ayni paytda Moskva Ukraina hududining beshdan bir qismidan sal kamroq qismini, jumladan Donetsk va Lugansk viloyatlarining 80 foizini nazorat qilmoqda.

Mavzuga aloqador