29.10.2024 09:38
546

Rossiya Gornyak va Selidovoni egalladi

Rossiya qoʻshinlari Donetsk viloyatidagi Gornyak shahrini egallab, mintaqadagi yana bir qancha aholi punktlariga kirib bordi, deya xabar bermoqda DeepState loyihasining ukrainalik tahlilchilari.

Gornyakdan tashqari, Selidovo, Bogoyavlenka, Novoukrainka, shuningdek, Shaxtyorskiy va Novoalekseevka yaqinidagi hududlar ham Rossiya nazoratiga oʻtdi. Tahlilchilarning aniqlik kiritishicha, Bogoyavlenkining kichik bir qismi kulrang zonada qolmoqda.

Rossiya urush muxbiri Yuriy Kotenok Ukraina qurolli kuchlari Selidovoni tark etgani haqida xabar berdi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya qoʻshinlari “hududni tozalash, qarshilik oʻchoqlarini aniqlash va yoʻq qilish, shuningdek, tarqoq Ukraina harbiy xizmatchilari guruhlarini qoʻlga olish”da davom etmoqda.

Gornyak shahri Pokrovsk yoʻnalishida harakatlanish uchun strategik ahamiyatga ega.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin avgust oyida RFning Kurs viloyatiga bostirib kirgan ukrain armiyasining 2 mingdan ziyod askari qurshovda qolgani va yoʻq qilinayotganini bildirgan edi. Sentyabrʻ va oktyabrʻ oylarida rus qoʻshinlari qarshi hujumga oʻtishga harakat qilishdi. Oktyabrʻ oyi oʻrtalarida Ukrainaning DeepState tahlil loyihasiga koʻra, Ukraina Qurolli Kuchlari nazorati ostida 660 kvadrat kilometrdan koʻp boʻlmagan hudud qolgan, yana 360 kvadrat kilometr “kulrang zona” boʻlgan. 

Mavzuga aloqador