16.01.2024 18:08

Qahraton qish Afgʻonistonda zilziladan jabr koʻrgan 100 mingga yaqin bolaga xavf solmoqda - BMT

BMT Bolalar jamgʻarmasi (YuNISEF) dushanba kuni Afgʻoniston gʻarbida oʻtgan yilning oktyabrida sodir boʻlgan kuchli zilzilladan jabr koʻrgan 100 minglab bolalar qahraton qish tufayli ogʻir ahvolda ekanini maʻʻlum qildi.

“Uch oydan keyin ham Hirotdagi zilzila oqibatlari saqlanib qolmoqda, koʻplab oilalar qattiq sovuqqa qaramay, chodirlarda yashamoqda yoki ochiq havoda uxlayapti”, - deya maʻʻlum qildi YuNISEF.

Tashkilot Afgʻonistonni, shu jumladan, oktyabrdagi zilziladan katta zarar koʻrgan Hirot mintaqasini qamrab olgan qahraton qish insonlar hayotiga tahdid solayotgani hamda qayta qurish ishlarini sekinlashtirayotganini qoʻshimcha qildi.

"Bolalar hali ham yoʻqotish va jarohatlarni engish uchun kurashmoqda. Maktablar va sogʻliqni saqlash markazlari taʻʻmirlab boʻlmaydigan darajada shikastlangan yoki butunlay vayron boʻlgan", - dedi YuNISEFning mamlakatdagi vakolatxonasi rahbari Fren Ekviza.

"Bu ham etmagandek, qish keldi, havo harorati noldan pastga tushdi. Boshpanasiz qolgan bolalar va oilalar kechalari vaqtinchalik boshpanalarini isitolmay, hayotlari uchun xavfli sharoitlarda yashamoqda", - deydi Ekviza.

Agentlik Hirotdagi 19 mingga yaqin aholiga toza suv etkazib berishni davom ettirilayotgani, oilalarning asosiy ehtiyojlarini qondirish va qishdan omon qolishlari uchun pul yordami tarqatishni rejalashtirayotganini maʻʻlum qildi. Shuningdek, bir necha ming bolalarga, ularning yarmi qizlar, asosiy taʻʻlimni davom ettirishlari uchun oʻnlab muassasalar tashkil etildi.

Ammo minglab odamlar hali ham yordamga muhtoj. BMT vakili zilzilalardan jabr koʻrgan 96 ming bolaga zarur xizmatlar koʻrsatilmasa, ularning omon qolishidan xavotirda ekanini bildirdi.

"Biz bolalar nafaqat qishdan omon qolishlarini, balki kelgusi oylar va yillarda rivojlanish imkoniyatiga ega boʻlishlarini taʻʻminlash uchun doimiy yordamni intiqlik bilan kutamiz", - dedi Fren Ekviza.

BMT maʻʻlumotlariga koʻra, Afgʻonistonda "uzoqqa choʻzilgan mojarolar, ekstremal iqlim shoklari va mamlakatdagi jiddiy iqtisodiy tanazzul tufayli" kamida 23 million kishi gumanitar yordamga muhtoj, ularning yarmi bolalardir.

Mavzuga aloqador