Putinning Vʻetnamga safari: Rossiya Ukrainaga hujumni kuchaytiradimi?
Putinning Vʻetnamga safari: Rossiya Ukrainaga hujumni kuchaytiradimi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya va Vʻetnam safarlari yakunlari boʻyicha matbuot anjumanida chiqish qilar ekan, Ukrainadagi urushga oid bir necha bayonot berdi. Bu haqda rus nashrlari maʻʻlum qildi.
Xususan, Putin Rossiya qoʻshinlarining, Ukraina talab qilayotganidek, ishgʻol etilgan hududlardan olib chiqib ketilishi “aftidan, hech qachon roʻy bermaydi”, degan. Unga koʻra, gʻarb mamlakatlari siyosatchilarining Rossiyani “jang maydonida strategik magʻlubiyatga uchratish” istagi Kremlni faqatgina “oxirigacha borish”ga majbur qilishi mumkin, xolos.
“Gʻarb mamlakatlari siyosatchilari bizning strategik magʻlubiyatimizga erishishni xohlayotganlarini aytishmoqda, biroq Rossiya uchun bu oʻz davlatchiligining tugaganini anglatadi. Ahvol shunday boʻlganidan keyin "Nimadan qoʻrqishimiz kerak, oxirigacha borganimiz yaxshi emasmi?” degan masala koʻndalang boʻladi”, – deya iqtibos keltirgan “Meduza” nashri Putinning soʻzlaridan.
Rossiya prezidenti oʻz soʻzida hozirda dushman tomonidan yadro quroli qoʻllanilishiga javobangina yadroviy qurol ishlatishni nazarda tutadigan mamlakat yadroviy doktrinasiga oʻzgartishlar kiritish ehtimoli haqida oʻylayotganini ham qoʻshimcha qilgan.
“Biroq doktrinada bizga preventiv zarba kerak emas, biz javob zarbasida ham dushmanni yoʻq qila olamiz”, – deya oʻz soʻziga aniqlik kiritgan Putin.
Shunga qaramay, Putin Ukraina boʻyicha muzokaralar “ertagayoq” boshlanishi mumkinligini ham istisno qilmagan, biroq Rossiya bu holda front chizigʻidagi mavjud vaziyatdan kelib chiqishini aytgan.
Rossiya prezidentining soʻzlariga koʻra, mojaroni tartibga solish boʻyicha takliflar “doimo amal qilmaydi”, toʻqnashuv chizigʻidagi vaziyatdan kelib chiqib oʻzgarib turadi.
“Agar Kiev muzokaralarni boshlashni bizning qoʻshinlarimizning olib chiqib ketilishi bilan bogʻlamoqchi boʻlsa, bu hech qachon sodir boʻlmaydi, chunki Kiev rejimi hokimiyatdan ketishni istamaydi. Demak, Kievdagilar bizning qoʻshinlarimiz oʻsha erda qolaverishidan manfaatdor”, – degan Putin.
Putin Ukrainaga qurol-yarogʻlar etkazib berilayotganiga qarshi Rossiya Gʻarbga dushmanona kayfiyatda boʻlgan boshqa davlatlarga qurollar etkazishi mumkinligini aytib oʻtgan. Uning fikricha, Gʻarb davlatlari keyin bu qurollardan qaerda va kimlar foydalanishi mumkinligi haqida bosh qotirishi kerak.
Eʻʻtiborlisi, Shimoliy Koreyada boʻlganidek, Vʻetnamda ham ikki davlat mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan. Bu haqda Rossiya davlat rahbarining Xanoyga tashrifi yakunlari boʻyicha ikki davlat qoʻshma bayonotida keltirilgan.
"Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi oʻzaro hamkorlik Rossiya-Vʻetnam munosabatlari tizimida alohida oʻrin tutadi va uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan. Bunday hamkorlikning maqsadi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni taʻʻminlashga hissa qoʻshishdir", deyiladi ushbu hujjatda.
Maʻʻlumot uchun, Shimoliy Koreya bilan strategik mudofaa shartnomasini imzolagan Putin Vʻetnamga bordi. 20 iyun kuni u Xanoyda Vʻetnam prezidenti To Lam bilan uchrashdi. Keyinroq ikki tomonlama muzokaralar va imzolangan hujjatlar almashinuvi boʻlib oʻtdi. Jumladan, Vʻetnam bosh vaziri Fam Min Tin bilan nonushta va Vʻetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi bosh kotibi Nguen Fu Chong bilan suhbat formatida muzokaralar oʻtkazildi. Bu Putinning Vʻetnamga beshinchi safari, u avvalroq 2001, 2006, 2013 va 2017 yillarda ushbu Osiyo davlatiga tashrif buyurgan.
Sovet Ittifoqi davridan beri Vʻetnam Moskvaning ittifoqchisi hisoblanadi. Xususan, ushbu tashrifdan soʻng Vetnam Kommunistik partiyasining nashri hisoblangan Nhan Dan gazetasi Putin Xanoyga "Ukraina inqirozidagi muvozanatli pozitsiyasi" uchun minnatdorlik bildirgani haqida yozdi.
AFP agentligining maʻʻlum qilishicha, Moskva oʻnlab yillar davomida Vʻetnamning eng muhim qurol etkazib beruvchisi boʻlib, 1995 yildan 2023 yilgacha importning 80 foizdan ortigʻi uning hissasiga toʻgʻri kelgan. Biroq, Ukrainada urush boshlanib, Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kuchaytirilgach, bu savdolar hajmiga ham taʻʻsir qilgan.