07.10.2025 10:21
91

PKK terror tashkiloti vaъdasini buzdi: Suriyada xavfsizlik kuchlari va jangarilar oʻrtasida toʻqnashuvlar davom etmoqda


PKK (Kurdiston ishchilar partiyasi) terror tashkiloti Suriyada yangi provokatsiya uyushtirdi. Tashkilot jangarilari Halabda tinch aholi va Suriya armiyasini nishonga olgan. Shayx Maqsud mahallasida Suriya xavfsizlik kuchlariga ogʻir qurollar bilan hujum qilgan terroristlar, Suryan mahallasidagi Rahmon masjidi atrofini minomyot bilan oʻqqa tutgan. Hujumlar davom etayotgani aytilmoqda. Toʻqnashuvlarda bir nafar Suriya armiyasi askari shahid boʻlgani, 3 nafari yaralangani maъlum qilindi. Ayni paytda Ras al-Ayn mintaqasidagi qabilalar PKK/YPG terror tashkilotiga qarshi safarbarlik eъlon qildi.

Suriya matbuoti terror tashkiloti ikki mahallani bombalagani haqida xabar berdi.

Suriya Mudofaa vazirligi armiyaning shimoliy va shimoli-sharqiy front chizigʻi boʻylab qayta joylashtirilganini maъlum qilib, oʻzining 10 martdagi kelishuvga sodiqligini ham maъlum qildi.

Suriya Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Nuriddin al-Baba PKK/YPG terror tashkiloti hujumlari haqida gapirar ekan, jangarilar 10 martdagi kelishuvga amal qilmayotganini va Suriyada keskinlikni yuzaga keltirish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni amalga oshirayotganini aytib oʻtgan.

Babaning taъkidlashicha, jangarilarning Ashrafiya va Shayx Maqsud mahallalariga kirib borishida xavfsizlik xodimlarining xiyonati ham sabab boʻlgan.

Baba, shuningdek, Suriya armiyasi va ichki xavfsizlik kuchlari ikki mahallaga kiraverishda qayta joylashtirilgani va tinch aholini himoya qilayotganini qoʻshimcha qilgan. 

Mavzuga aloqador