15.04.2024 16:00

Oʻzbekiston prezidenti Qatar va Saudiya Arabistoni TIV rahbarlarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 aprelʻ kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari yigʻilishi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Qatar bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, shuningdek, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi.

Jumladan, Qatar delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston prezidenti siyosiy muloqot jadal tus olgani, oʻzaro  savdo va investitsiyalar hajmi faol oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muloqot davomida qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi qayd etildi. Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashayotgani yuzasidan ham fikr almashildi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan uchrashuvda boʻlajak tadbirlar, shu jumladan 2025 yilda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʻʻtibor qaratildi.

Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar, xususan, Afgʻonistondagi vaziyat va Falastin muammosini tinch yoʻl bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.

Mavzuga aloqador