31.01.2025 10:15
Oxirgi frantsuz askari Chadni tark etdi
Adji Kossey harbiy bazasi nazorati Afrika davlati armiyasiga oʻtdi
Frantsiya Chad poytaxti Enjeminadagi Adji Kossey bazasini Chad armiyasiga topshirib, bu davlatdagi harbiy ishtirokiga toʻliq chek qoʻydi.
Chad Bosh shtabidan berilgan bayonotda shunday deyilgan:
"Adji Kossey bazasining qoʻlga olinishi frantsuz qoʻshinlarining Chaddagi mavjudligini toʻliq tugatdi. Bu qaror Prezident Mohamed Idriss Deby Itno irodasi va Chad xalqining talablariga muvofiq amalga oshirildi."
2024 yil 28 noyabrda Chad hukumati Frantsiya bilan mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Buning ortidan Frantsiya harbiy samolyotlari va qismlari mamlakatni tark eta boshladi.
2024 yil 26 dekabr – Faya harbiy bazasi Chad armiyasiga topshirildi.
2025 yil 12 yanvarʻ – Abeche harbiy bazasi ham Chad nazoratiga oʻtdi.
2025 yil 30 yanvarʻ – Adji Kossey bazasi ham Frantsiya nazoratidan chiqdi.
Bu qaror Frantsiyaning Gʻarbiy va Markaziy Afrikadagi taʻʻsirining soʻnggi yillarda kamayishi bilan bogʻliq boʻlib, afrikalik etakchilar oʻz mamlakatlarining harbiy va siyosiy mustaqilligini mustahkamlashga harakat qilmoqda.