24.01.2024 08:32

OAV: Isroil barcha mahbuslarni ozod qilish evaziga 2 oylik sulh taklif qildi

Isroil HAMAS qoʻl ostidagi barcha mahbuslarni ozod qilish evaziga Gʻazo sektoriga hujumlarini 2 oyga toʻxtatishni taklif qildi. Biroq HAMAS ushbu taklifni rad etdi. Avvalroq harakat Rossiyaning ham RF fuqarolarini ozod qilish iltimosiga rad javobini bergan edi.

Axios sayti Isroil HAMASga qoʻl ostidagi barcha asirlarni ozod qilish evaziga ikki oy muddatda Gʻazoga hujumlarni toʻxtatish taklifi bilan chiqqan.

Nashrning qayd etishicha, Isroil Gʻazoda oʻt ochishni butunlay toʻxtatishni oʻz ichiga olmagan ushbu taklifni Qatar va Misr orqali etkazgan. Taklifga koʻra, birinchi navbatda ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va ogʻir ahvolda boʻlgan garovga olinganlar ozod qilinishi kerak. Keyingi bosqichlarda ayol harbiy xizmatchilar va 60 yoshgacha boʻlgan fuqarolik erkaklar topshiriladi.

Biroq HAMAS ushbu taklifni rad etdi, deya xabar qildi AP misrlik yuqori lavozimli amaldorga tayangan holda.

Avvalroq Yeni Shafak nashri HAMAS siyosiy byurosi raisi oʻrinbosari Muso Abu Marzuk harakat Rossiyaning Gʻazoda asirda boʻlgan barcha fuqarolarini ozod qilish haqidagi iltimosini bajarish niyatida emasligini aytgani haqida xabar bergan edi.

“Biz odamlarni rus yoki frantsuz boʻlgani uchun qoʻlga olmadik. Biz ularni falastinliklarni oʻldirayotganlari va Isroil askarlari boʻlgani uchun qoʻlga oldik”, — degan Muso Abu Marzuk.

U, shuningdek, “Isroil askarlarining koʻpchiligi ikki fuqarolikka ega ekanini” ham taʻʻkidlagan.

Isroil armiyasi maʻʻlumotlariga koʻra, hozirda Gʻazo sektorida 136 nafar isroillik asir qolgan.

Mavzuga aloqador