18.04.2024 16:30

Nima uchun Bayden hukumati Gʻazoda oʻt ochish toʻxtatilishini istamaydi?

Gʻazodagi urush boshlanganidan buyon soʻnggi voqealar fonida koʻtarilgan eng muhim savollardan biri quyidagicha: AQSh prezidenti Jo Bayden maʻʻmuriyati nega Gʻazoda oʻt ochish toʻxtatilishini istamaydi?

Javob shuki, AQSh Isroil bilan HAMASni yoʻq qilish boʻyicha hamfikr. Buning koʻplab sabablari mavjud, ulardan eng muhimi, Bayden maʻʻmuriyatining HAMAS, IShID yoki Hizbullohsiz Yaqin Sharq kelajagi haqidagi umumiy qarashlariga HAMASning toʻsiq boʻlishidir. Mazkur qarash ayni vaqtda hammaga maʻʻlum boʻldi; yaʻʻni Isroil ikki davlat echimini qabul qilishi kerak, bu esa u Falastin davlatini barpo etishga rozi boʻlishini anglatadi. Ammo qaerda? Chegaralar Falastin va Isroil tomonlari oʻrtasida koʻp yillik muzokaralar natijasida Isroilning yon berishlari evaziga murosaga keladigan yangi Falastin rahbariyati bilan kelishib olinadi.

Xoʻsh, Isroil nimadan voz kechishiga toʻgʻri keladi? Ular Falastin oʻz hududlarining bir qismi ustidan cheklangan mustaqillikka ega boʻlgan demilitarizatsiyalangan (harbiylardan tozalangan) Falastin davlati tuzilishiga rozilar. Qolaversa, Isroilning Falastin davlatini tan olishi Saudiya Arabistonini Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga undaydi. Ushbu normallashuv natijasida AQSh Saudiya Arabistonining bir qancha uzoq muddatli talablarini qondirish orqali Saudiya Arabistonini mukofotlaydi. Ulardan eng muhimi AQSh Kongressi tomonidan maʻʻqullangan, Saudiya Arabistoniga toʻliq xavfsizlik kafolatlarini beradigan strategik hamkorlik shartnomasini imzolashdir. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni milliy xavfsizligi uchun boshqa koʻplab imtiyozlar yoki muhim talablarni qondirishi mumkin boʻladi.

Shuning uchun Isroilning Falastinni, Saudiyaning esa Isroilni tan olishi boshqa Indoneziya va Pokiston kabi islomiy davlatlarning ham oʻz-oʻzidan Isroilni tan olishiga yoʻl ochadi. Demak, Isroil, arab davlatlari va AQSh boshchiligida Isroil bilan munosabatlarini normallashtirgan islom davlatlaridan iborat yangi ittifoqchining shakllanishiga yordam beradi. Bu ittifoqchi keyin Eron bilan toʻqnash keladi va Rossiya va Xitoyning Yaqin Sharqdagi taʻʻsirini kamaytiradi. Muhimi mazkur qarashga koʻra, HAMASni olib tashlash, keyinchalik Hizbullohga zarba berish uchun poydevor oʻrnatish va shu tariqa qarshilik oʻqi deb ataladigan narsani yoʻqotib, Eronni zaiflashtirish, alaloqibat Rossiya va Xitoyning mintaqadagi taʻʻsirini kuchaytirish bilan yakunlanadi.

Bayden maʻʻmuriyatining HAMASni yoʻq qilish istagining boshqa sabablari ham mavjud, masalan, Baydenning saylovlar oldidan AQShdagi sionist lobbilarini tinchlantirishga intilishi. Eng muhimi, AQSh, prezidenti sionist ekanligi bilan faxrlanadigan Isroil bilan juda qalin rishtalarga ega. Qolaversa, u HAMASning 7 oktabrda qilgan ishlaridan chinakam dargʻazab kayfiyatda.

Bularning barchasi umumiy va ikkinchi darajali sabablar sirasidan, nima uchun? Gap shundaki, AQSh prezidentining amerikalik asirlarni ozod qilish majburiyati oqilona va maqbul omildir. Biroq bu AQShdan Gʻazo ahlini Isroi bombardimonidan himoyalashni talab qiladi. Bunday holatda AQSh haqiqiy oʻt ochishni toʻxtatishga ishtiyoq bilan munosabatda boʻlishi va urushni ragʻbatlantirish oʻrniga asirlarni qaytarish boʻyicha muzokaralarni boshlashi kerak. Yahudiylar ovozlariga diqqat qaratish uchun Isroil bilan genotsidda ishtirok etishda davom etish shart emas, zotan Amerika jamiyatidagi yahudiy ovozlari va Gʻazo ichida sodir boʻlayotgan voqealar tamoman ikki xil masala.  Bayden yahudiylarning ovozini qoʻlga kiritgan taqdirda ham, uning Gʻazo qirgʻinidagi ishtirokidan nafratlanuvchi amerikaliklarning ovozlarini boy beradi.

 Shunday qilib, boshqa ikkinchi darajali sabablardan tashqari Baydenning Yangi Yaqin Sharqni Gʻazodan boshlab shakllantirish istagi, uning sulhni toʻxtatish va Isroilni Gʻazoga qarshi urushida har qanday yoʻl bilan qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortishining eng asosiy sababidir. Xuddi shu sababdan u Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida Isroil HAMASni yoʻq qilish maqsadiga erishgunga qadar taxminan olti oy davomida oʻt ochishni toʻxtatishni talab qiluvchi har qanday rezolyutsiyaga veto qoʻydi.

Shunday ekan, Xavfsizlik Kengashining yaqinda, 25 martda qabul qilingan rezolyutsiyasi Amerika pozitsiyasining oʻzgarishini anglatadimi? Javob yoʻq. AQSh pozitsiyasida hech qanday jiddiy oʻzgarish yoʻq; aksincha, uning maʻʻmuriyati Netanyaxu bilan faqat tafsilotlardagina qarama-qarshi fikrda xolos. Buni AQSh pozitsiyasining tubdan oʻzgarishi deb hisoblash mubolagʻa boʻladi. Bayden maʻʻmuriyati oʻzining asosiy maqsadi - HAMASni yoʻq qilishga doim sodiq kelgan va hozir ham shunday. Ayni shu maqsadda u Netanyaxu bilan hamfikr, garchi tafsilotlar borasida ziddiyatlar boʻlsa ham. Misol uchun, AQSh maʻʻmuriyati Rafah va boshqa barcha hududlarda HAMASga zarba berishni istaydi, lekin u buni falastinliklarning ommaviy qirgʻin qilinishiga olib kelmaydigan tarzda qilinishi tarafdori, negaki bunday qilsa, u sharmanda boʻlishi, fosh qilinishi va dunyoni unga qarshi isyon koʻtarishga undashi mumkin. Ammo u oʻzining HAMASni yoʻq qilish rejasiga erisha olmadi. AQSh urushni kengaytirmaslik va Gʻazoda koʻzlangan maqsadga erishishga toʻsiq yaratmasligi uchun Netanyahu hukumati xohlaganidek Hizbulloh bilan shimoliy jabhada urush ochishni istamaydi. Qolaversa, AQSh HAMAS jangchilarini Gʻarbiy Sohilda muqim qoldirishni ham istamaydi, chunki bu Gʻarbiy Sohilni asossiz ravishda bomba ostida qoldiradi va shu bilan Gʻazodagi missiyaning muammosiz bajarilishiga toʻsqinlik qiladi. Binobarin, koʻproq aholi punktlarining tashkil etilishi AQSh rejasining asosiy qismi boʻlgan ikki davlat echimi taklifini maʻʻnosiz va foydasiz qiladi va hokazo. Shu sababli, ikki oʻrtada tafsilotlar boʻyicha ziddiyat mavjud.

25 martgacha AQSh Xavfsizlik Kengashi, agar HAMAS barcha asirlarni ozod qilmasa, sulh boʻyicha hech qanday, hatto vaqtinchalik rezolyutsiya ham chiqarmaslik tarafdori boʻlib keldi. Xavfsizlik Kengashi falaj holatga keldi, chunki uning aʻʻzolari AQSh shartlarini qabul qila olmadilar va u veto huquqiga ega boʻlganligi sababli oʻz xohishlariga qarshi, oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga erisha olmadilar.

Bir nechta amerikalik amaldorlar AQSh mantigʻini, yaʻʻni Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish HAMASni daxlsiz qoldirib, unga Gʻazoni boshqarishga va keyingi urush urugʻini ekishga imkon yaratishini turli shakllarda, ammo shaffof tarzda koʻrsatib berdilar. Shu sababli, AQSh falastinliklar va isroilliklar xavfsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy tinchlikni qoʻllab-quvvatlasa-da, bunga zid oʻlaroq u zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishni qoʻllab-quvvatlay olmaydi. Inchunin, AQShning fikricha, Gʻazo sektorida XAMASning mavjudligi Isroil bilan yangi urushni anglatadi va bu AQSh koʻzlaganidek, ikki davlat echimi gʻoyasiga barham berish demak. Ikki davlat echimi uning Yangi Yaqin Sharqni shakllantirish qarashlarining asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi.

 Qisqasi, Amerikaning oʻt ochishni toʻxtatishni rad etishi, asirlarni ozod etsam urushni toʻxtatishga majbur boʻlaman deb oʻylaydigan Isroil pozitsiyasi bilan bir xil. AQSh va Isroil dunyoning aksariyat qismini urush va qotilliklar cheksiz davom etadigan bu mantiqqa ishontira olmadi. Asirlar qoʻyib yuborilmaguncha, sulhni toʻxtatib boʻlmaydi, HAMAS esa ularni faqat vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish uchungina qoʻyib yubora olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, Isroil oʻz asirlarini qaytarib olgandan soʻng, u Gʻazo sektori va HAMASga zarba berishda davom etadi.  Urushning davom etishi HAMASning emas, balki falastinlik tinch aholini yoʻq qilish deganidir.

Dr. Amira Abul Fattoh, siyosiy sharhlovchi

Mavzuga aloqador