22.11.2024 09:54
Misr Qizil dengizdagi keskinliklar tufayli Suvaysh kanali daromadining 70 foizini yoʻqotdi
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Qizil dengizda Yaman husiylarining Isroilga aloqador kemalarga hujum qilishi oqibatida Misrning Suvaysh kanalidan oladigan daromadi 70 foizgacha tushganini maʻʻlum qildi. Shu bilan birga, XVJning Misrdagi iqtisodiy ilohotlarni qoʻllab-quvvatlashga 8 mlrd dollar kredit ajratish toʻgʻrisidagi qarori mamlakatda tovar va xizmatlar narxining oshishiga olib keldi.
Mintaqadagi geosiyosiy inqiroz sharoitida Misr uchun muhim daromad manbai boʻlgan Suvaysh kanalidan olinayotgan foyda keskin kamaydi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) Misr Qizil dengizdagi vaziyat yomonlashgani sababli asosiy suv yoʻlidan tushgan daromadning 70 foizini yoʻqotganini maʻʻlum qildi.
XVJ delegatsiyasi 6-20 noyabrʻ kunlari Misrga tashrif buyurib, 8 milliard dollarlik kredit bilan amalga oshiriluvchi iqtisodiy islohot dasturini toʻrtinchi bor koʻrib chiqdi.
Jamgʻarma maʻʻlumotlariga koʻra, davom etayotgan geosiyosiy ziddiyatlar fonida mintaqa, jumladan, Misrning iqtisodiy istiqboli murakkabligicha qolmoqda. Bayonotda Gʻazo va Isroildagi toʻqnashuvlar, Qizil dengizdagi savdodagi uzilishlar Misr iqtisodiyotiga salbiy taʻʻsir koʻrsatib, Suvaysh kanalidan tushadigan daromadlarning kamayishiga olib kelgani qayd etildi.
Mamlakatning eng muhim valyuta manbai boʻlgan kanalning daromadi 70% ga qisqargan, bu esa sezilarli iqtisodiy taʻʻsir koʻrsatmoqda.
2023 yil oktyabrʻ oyidan beri Isroil ishgʻoli ostida boʻlgan Gʻazoni qoʻllab-quvvatlayotgan Yamandagi husiylar Qizil dengizdagi Isroil yoki Isroil bilan bogʻliq kemalarga raketalar va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilmoqda. Bu koʻplab kemalarni Suvaysh kanali yoʻnalishidan qochishga, qoʻshimcha xarajatlarga qaramay, Yaxshi Umid burni orqali aylanma yoʻlni tanlashga majbur qilmoqda.
XVJ shuningdek, qochqinlar sonining koʻpayishi davlat xizmatlariga, ayniqsa sogʻliqni saqlash va taʻʻlim sohalariga qoʻshimcha moliyaviy bosim tugʻdirishini taʻʻkidladi. Shu munosabat bilan, Misr mahalliy daromadlarni oshirish, moliyaviy xatarlarni, ayniqsa energetika sohasida boshqarish va ijtimoiy xavfsizlik tarmogʻini kengaytirish uchun qoʻshimcha harakatlar qilish kerakligiga qaror qilindi.
Vaziyat bu yil 35% dan oshib ketgan inflyatsiya tufayli yanada ogʻirlashmoqda. Iqtisodiy inqirozga javoban Misr oʻtgan mart oyida XVJ bilan global iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun 8 milliard dollarlik shartnoma imzoladi, bu ham mamlakatda tovar va xizmatlar narxining oshishiga hissa qoʻshdi. Bitim iqtisodiy islohotlar, jumladan, moslashuvchan valyuta kursiga oʻtish, xususiy sektorni mustahkamlash va infratuzilma loyihalariga xarajatlarni qisqartirish boʻyicha majburiyatlarni oʻz ichiga oladi.