15.06.2024 11:00
Makkada ilk uchuvchisiz uchar taksi muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi
Makkada Saudiya Arabistoni va Xitoy kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqarilgan birinchi uchuvchisiz havo taksisi muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Bu haqda Xitoyning CGTN telekanali xabar berdi.
Namoyish Saudiyaning Front End kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan.
"Maqsad Xitoyning uchuvchisiz uchoqlarni ishlab chiqaruvchi EHang kompaniyasi bilan hamkorlikda turli sohalarda ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishdir. Dron taksining sinovi orqali haj paytida harakatlanish tezligi va samaradorligini oshirish koʻzlangan. Ikki yoʻlovchiga moʻljallangan taksi muvaffaqiyatli uchib, kerakli masofani bosib oʻtdi va xavfsiz qoʻna oldi. Sinovlar olomon boʻlmagan joylarda oʻtkazildi", deb yozgan bu haqda arab nashrlari.
Saudiya Arabistoni fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi rahbari Abdulaziz Al-Duaylej esa uchuvchisiz uchar taksining sinovlari qirollik aviatsiyasi uchun texnologik yangiliklarni joriy etishda muhim qadam boʻlganini taʻʻkidlagan.