10.02.2025 16:20
Liviyada muhojirlarning ommaviy qabrlari topildi
Liviya janubi-sharqidagi choʻl hududida 50 ga yaqin muhojir jasadi topildi. Bu haqda mahalliy xavfsizlik idoralari maъlum qildi.
Rasmiylarga koʻra, birinchi ommaviy qabr juma kuni Kufra shahridagi fermada aniqlangan boʻlib, unda 19 jasad borligi tasdiqlangan. Jasadlar sud-tibbiyot ekspertizasiga yuborilgan.
Shanba kuni esa Kufradagi odam savdosi markaziga qilingan reyddan soʻng ikkinchi qabr topildi. Mahalliy tezkor guruh rahbari Muhammad al-Fadeilga koʻra, qabrda kamida 30 kishi dafn etilgan boʻlishi mumkin. Guvohlar qabrda 70 nafargacha jasad boʻlishi ehtimolini bildirgan. Baъzi maъlumotlarga koʻra, muhojirlarning bir qismi tiriklayin otib tashlangan.
Hozirda qidiruv ishlari davom etmoqda. Mutasaddilarning fikricha, mintaqada shunga oʻxshash yana koʻplab qabrlar boʻlishi mumkin.
Liviya Afrika va Yaqin Sharqdan Evropaga borishga urinayotgan muhojirlar uchun asosiy tranzit nuqtasi hisoblanadi. 2011 yilda Muammar Qaddafiy hokimiyatdan agʻdarilgandan keyin mamlakat beqarorlikka yuz tutdi va qurolli guruhlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar haligacha davom etmoqda.
Odam savdogarlari ushbu vaziyatdan foydalanib, muhojirlarni Chad, Niger, Sudan, Misr, Jazoir va Tunis orqali olib oʻtishmoqda. BMT maъlumotlariga koʻra, muhojirlar qiynoqlar, jinsiy zoʻravonlik va majburiy mehnatga duchor boʻlmoqda, shuningdek, jinoiy guruhlar ularni tovlamachilik uchun ishlatmoqda.
Hozirda Liviyadagi inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro jamoatchilik mazkur hodisa boʻyicha tergov oʻtkazish va muhojirlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrishni talab qilmoqda.