25.03.2025 10:38
263

Kolumbiya universiteti talabasi AQSh hukumatini sudga berdi

AQShda Kolumbiya universiteti talabasi Yunso Chung hukumat tomonidan deportatsiya qilinishga urinishgani sababli prezident Donald Tramp maъmuriyatiga qarshi daъvo arizasi berdi.


The Guardian nashriga koʻra, 21 yoshli Chung 2023 yildan buyon universitet hududida Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi namoyishlarda ishtirok etib kelgan. 


Biroq AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) uning hibsga olinishi uchun order berib, mamlakatda yashash maqomini bekor qilish jarayonini boshlagan.


Chung hukumatning bu harakatlarini “vakolatlarning hayratlanarli darajada suiisteъmol qilinishi” deb atadi va sud orqali oʻz huquqlarini himoya qilishga qaror qildi.


Bungacha, 8 mart kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio koʻrsatmasi bilan Kolumbiya universitetining sobiq bitiruvchisi Mahmud Xalil ham ICE tomonidan hibsga olingan edi. 


U Falastinni qoʻllab-quvvatlovchi namoyishlarda faol ishtirok etgani sababli “HAMAS bilan bogʻliq faoliyat” yuritishda ayblangan, biroq rasmiy dalillar taqdim etilmagan.

Mavzuga aloqador