15.08.2024 17:27

Kamala Xarris musulmonlar orasidagi obroʻsini yaxshilashga harakat qilmoqda

AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarrisning saylov kampaniyasi musulmon va arab saylovchilar bilan ishlash uchun maslahatchi yolladi. U avval Oq uy xodimlarida musulmonlar, arablar va Gʻazo bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, reproduktiv huquqlar, ovoz berish va demokratiya masalalari boʻyicha maslahatchi boʻlib ishlagan Nasrina Bargzi boʻldi.

Kampaniya davomida Bargzi keng koʻlamli masalalar bilan bir qatorda, AQShdagi eng katta musulmon diasporasi joylashgan Michigan va Missuri kabi shtatlarda Xarrisning obroʻsini mustahkamlash bilan shugʻullanadi.

Oʻtgan hafta Michigandagi saylovoldi mitingida Kamala Xarris Falastin tarafdorlari noroziliklariga oʻta sovuqqonlik bilan munosabat bildirdi. Xususan, vitse-prezident Michiganga Gʻazo muammolarini emas, balki saylov kampaniyasini muhokama qilish uchun kelganini aytdi.

“Agar Tramp gʻalaba qozonishini istasangiz, ayting. Bizda demokratiya bor, lekin hozir siz emas, men gapiryapman, - dedi Xarris qoʻpollik bilan namoyishchilarga. Shundan soʻng politsiya Falastin tarafdori shiorlar aytayotgan odamlarni saylov tadbiridan kuzatib qoʻydi.

Ushbu voqea Falastin tarafdori faollarni gʻazablantirdi, ular Falastin taqdiri Xarris uchun hech qanday ahamiyatga ega emas, degan xulosaga kelishgan.

Shu bilan birga, Xarrisning xodimlari vitse-prezident Isroilga qurol eksportiga taqiq joriy etish niyatida emasligini va Tel-Avivni qoʻllab-quvvatlashda davom etishini taʻʻkidladi.

Demokratlar kelasi hafta Chikagoda boʻlib oʻtadigan Demokratik partiyaning milliy qurultoyida yirik norozilik namoyishlariga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bargzi Xarrisga Falastin tarafdori namoyishchilar bilan muloqot qilish strategiyasini ishlab chiqishda yordam berishi kutilmoqda.

Ayrim musulmon guruhlari Jo Baydenning Isroil va Yaqin Sharqqa doir siyosatini tanqid qilib, Xarris ham xuddi shunday pozitsiyada ekanligiga ishora qilmoqda. Ammo boshqa musulmon etakchilarning aytishicha, vitse-prezident Gʻazodagi tinch aholi qurbonlariga koʻproq xayrixoh va u poygada qoʻllab-quvvatlanadigan eng yaxshi nomzod.

Mavzuga aloqador