14.02.2025 14:55
Kaъba atrofida rasmga tushish taqiqlangani rostmi?
Kaъba atrofida rasmga tushish taqiqlangani rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Kaъba atrofida suratga olish taqiqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Baъzi instablogerlar Haj va Umraga borayotganlarni "ogohlikka chaqirib", bir necha chiqishlar qildi. Ularning aytishicha, "bu taqiqni buzganlarga birinchi marta 520 dollar jarima, keyingisida 10 yilga deport" jazosi tayinlanishi mumkin. Xabarchilar ushbu maъlumotni tasdiqlovchi biror rasmiy manba keltirmagan boʻlsa-da, qaysidir tanishlari bilan ushbu holat sodir boʻlganini aytishgan.
Kun.uz'ning yozishicha, mazkur holatga izoh bergan Saudiya Arabistoni elchixonasi vakili qirollikda, xususan Haram hududida rasman bunday taqiqlar mavjud emasligini bildirgan.
“Aslida bunday rasman taqiq va rasmga olish uchun yuqorida aytilgan jazolar mavjud emas. Lekin tavof vaqtida Kaъba atrofida odamlar juda koʻp boʻlishini inobatga olsak, biror ziyoratchining yon-atrofni suratga olish uchun toʻxtashi odamlarning yigʻilib qolishiga olib kelishi mumkin. Shu maqsadda tiqilinchda telefon ishlatishga tavsiyaviy xarakterda ruxsat berilmaydi. Boshqa vaqtlarda rasmga yoki videoga olish mumkin. Buning uchun deportatsiya yoki jarima degan gaplar toʻgʻri emas”, degan Saudiya Arabistoni elchixonasi xodimi Qasam al-Otaybiy.
Shuningdek, u yosh bolalarni Haj ziyoratiga olib bormaslik haqida ham rasmiy taqiq yoʻqligini taъkidlagan.