17.12.2024 16:21
Joʻlon tepaliklarining ahamiyati nimada?
Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan agʻdarilishi bilan Isroil bahsli Joʻlon tepaliklarini egallashni boshladi. Bu tepaliklarning ahamiyati nimada, u erda kimlar yashaydi? Isroilga Joʻlon tepaliklari ustidan nazorat oʻrnatish nima uchun muhim?
Isroil hukumati yakshanba kuni bosib olingan Joʻlon tepaligidagi aholisini ikki baravarga koʻpaytirishga qasd qildi. Bunda, prezident Bashar Asadni agʻdargan isyonchilar rahbarlarining moʻʻʻtadil ohangiga qaramay, Suriyadan kelayotgan tahdidlar saqlanib qolayotganini taʻʻkidladi.
Isroil 1967 yilgi Olti kunlik urushda Suriyadan strategik platoning asosiy qismini egallagan va 1981 yilda uni oʻziga qoʻshib olgan.
8 dekabrʻ kuni Asad Suriyadan qochib ketganidan soʻng Isroil qoʻshinlari Suriya ichidagi qurolsizlantirilgan hududga, jumladan, Damashqqa qaragan strategik Hermon togʻining Suriya qismiga kirib bordi va u erdagi tashlab ketilgan Suriya harbiy postini egallab oldi.
Isroil bu harakatni chegara xavfsizligini taʻʻminlash uchun vaqtinchalik chora deb atadi.
Quyida Isroilning Jalila mintaqasi, shuningdek, Livan va Iordaniya bilan chegaradosh boʻlgan serhosil va strategik plato - 1200 kvadrat kilometrlik (460 kvadrat milya) Joʻlon tepaliklari haqida qisqacha maʻʻlumot berilgan.
Bu hudud nega munozarali?
2019 yilda oʻsha paytdagi prezident Donalʻd Tramp AQShning Joʻlon ustidan Isroil suverenitetini qoʻllab-quvvatlashini eʻʻlon qilgan, ammo bu qoʻshib olish koʻpchilik davlatlar tomonidan tan olinmagandi. Suriya Isroildan chiqib ketishni talab qiladi, biroq Isroil xavfsizlik muammolarini roʻkach qilib, bu talabni rad etadi.
Suriya 1973 yilgi arab-isroil urushida Joʻlonni qaytarib olishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Isroil va Suriya 1974 yilda yarash bitimini imzolagan va oʻshandan beri Joʻlon nisbatan tinch.
2000 yilda Isroil va Suriya Joʻlonni qaytarish va tinchlik kelishuvi boʻyicha yuqori darajadagi muzokaralar oʻtkazgan. Ammo bu muzokaralar barbod boʻlgan va keyingi urinishlar ham natija bermagan.
Netanyaxu yakshanba kuni 20 yanvarda Oq uyga qaytadigan Tramp bilan suhbatlashganini aytdi. Isroil rahbari oʻz mamlakatining Suriya bilan mojaroga kirishishdan manfaatdor emasligini taʻʻkidladi.
Nima uchun Isroilga Joʻlon kerak?
Xavfsizlik. Isroil Suriyadagi oʻn yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushi davomida, platoni Isroil shaharlari va qoʻshni mamlakatdagi beqarorlik oʻrtasidagi bufer zona sifatida saqlab qolish zarurligini koʻrsatgan edi.
Isroil hukumati, shuningdek, Asad rejimining uzoq yillik ittifoqchisi boʻlgan Eronning Isroilga hujumlar uyushtirish uchun chegaraning Suriya tomonida oʻz mavqeini mustahkamlashga urinayotganidan xavotirda ekanini bildirgan. Isroil Asad qulashidan oldingi yillarda Suriyadagi gumonlangan Eron harbiy obʻʻektlarini tez-tez bombardimon qilgan.
Isroil ham, Suriya ham Joʻlonning suv resurslariga va tabiiy unumdor tuproqlariga koʻz tikkan.
Joʻlonda kimlar yashaydi?
Isroilning shimoliy chegarasidagi xavfsizlik muammolariga ixtisoslashgan "Alma" tadqiqot va taʻʻlim markazi tahlilchisi Avraham Levinning aytishicha, u erda 31 mingga yaqin isroillik istiqomat qiladi. Ularning koʻpchiligi qishloq xoʻjaligi, jumladan uzumchilik va turizm bilan band. Levinning maʻʻlum qilishicha, Joʻlonda 24 ming druz ham yashaydi. Druzlar islom dinining bir tarmogʻiga eʻʻtiqod qiluvchi arab ozchiligidir.
Suriyadagi druzlarning aksariyati uzoq vaqt davomida Asad rejimiga sodiq boʻlib kelgan. Koʻpgina oilalarda chegara chizigʻining har ikki tomonida aʻʻzolar bor. Joʻlonni qoʻshib olgandan soʻng Isroil druzlarga fuqarolik berish imkoniyatini taklif qilgan, ammo koʻpchiligi buni rad etib, oʻzlarini hamon suriyalik deb hisoblaydi.
Joʻlonning Suriya tomonini kim nazorat qiladi?
2011 yilda Suriyada fuqarolar urushi boshlanishidan oldin Isroil va Suriya kuchlari oʻrtasida notinch vaziyat hukm surgan.
Ammo 2014 yilda hukumatga qarshi islomiy isyonchilar Suriya tomonidagi Quneitra viloyatini egallab olishgan. Qoʻzgʻolonchilar Asad kuchlarini chekinishga majbur qilishgan, shuningdek, mintaqadagi BMT kuchlariga hujum qilib, ularni baʻʻzi pozitsiyalarini tark etishga majburlashgan.
Hudud 2018 yilning yozigacha isyonchilar nazoratida qolgan. Shundan soʻng Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlangan hujum va isyonchilarning chekinishiga imkon bergan kelishuv natijasida Asad kuchlari asosan vayron boʻlgan Quneitra shahri va uning atrofidagi hududga qaytib kelgan.
Joʻlonning ikki tomonini nima ajratib turadi?
BMTning Tinchlikni taʻʻminlash kuzatuv kuchlari (UNDOF) Joʻlon boʻylab joylashgan lagerlar va kuzatuv postlarida turadi. Ularga BMTning Yarashuvni nazorat qilish tashkiloti (UNTSO) harbiy kuzatuvchilari yordam beradi.
Isroil va Suriya qoʻshinlari oʻrtasida 400 kvadrat kilometrlik (155 kvadrat milya) "Ajratish hududi" - koʻpincha qurolsizlantirilgan zona deb ataluvchi maydon mavjud. Oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga koʻra, bu erda ikki davlat qurolli kuchlariga ruxsat berilmaydi.
1974 yil 31 maydagi Kuchlarni ajratish toʻgʻrisidagi kelishuv ajralish hududining gʻarbida Alʻfa chizigʻini va sharqida Bravo chizigʻini yaratdi. Isroil harbiy kuchlari Alʻfa chizigʻining orqasida, Suriya harbiy kuchlari esa Bravo chizigʻining orqasida qolishi shart qilindi.
"Ajralish hududi"dan tashqarida har ikki tomonda 25 km (15 milya) masofaga choʻzilgan "Cheklov hududi" mavjud boʻlib, unda har ikki tomonning qoʻshinlari soni, qurollarining miqdori va turlari cheklangan.
Isroil va Suriya tomonlari oʻrtasida bitta oʻtish nuqtasi mavjud. Suriyadagi fuqarolar urushi boshlanguniga qadar bu nuqta asosan BMT kuchlari, cheklangan miqdordagi druza fuqarolari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashish uchun ishlatilgan.
Asad taxtdan agʻdarilgandan soʻng nima yuz berdi?
Netanyaxu hukumati avvalgi yakshanba kuni Joʻlonda demografik oʻsishni ragʻbatlantirish uchun 40 million shekeldan ortiq (11 million dollar) mablagʻ ajratish rejasini bir ovozdan maʻʻqulladi.
Netanyaxu bu rejani hukumatga "urush va Suriyaning yangi fronti tufayli hamda Joʻlon aholisini ikki barobar koʻpaytirish istagi" sababli taqdim etganini aytdi.
Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Isroilning qarorini qoraladi. 2020 yilda Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan BAA buni "bosqinchilikni kengaytirish uchun ataylab qilingan harakat" deb taʻʻrifladi.
Isroil Suriyaning strategik qurol-yarogʻ zaxiralari va harbiy infratuzilmasiga yuzlab zarbalar bergani aytiladi. Bu zarbalarda maqsad ulardan Asadni hokimiyatdan quvib chiqargan, baʻʻzilari Al-Qoida va IShID bilan bogʻliq harakatlardan oʻsib chiqqan isyonchi guruhlar foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik boʻlgan.
Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad al-Sharaa shanba kuni Isroil Suriyadagi hujumlarini oqlash uchun soxta bahonalardan foydalanayotganini, biroq mamlakati qayta qurishga eʻʻtibor qaratgani sababli yangi mojarolarga kirishishdan manfaatdor emasligini aytdi.
Abu Muhammad Al-Joʻloniy nomi bilan tanilgan Sharaa 8 dekabrʻ kuni Asadni hokimiyatdan agʻdargan va oilaning ellik yillik temir mushtumli boshqaruviga barham bergan islomiy "Hayʻʻat Tahrir Ash-Sham" (HTSh) guruhiga rahbarlik qiladi.
U xavfsizlik va barqarorlikni taʻʻminlashning yagona yoʻli diplomatik echimlar ekanligini va "puxta oʻylanmagan harbiy sarguzashtlar" kerak emasligini taʻʻkidladi.
Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats esa yakshanba kuni bergan bayonotida Suriyadagi soʻnggi voqealar "isyonchilar rahbarlari daʻʻvo qilayotgan moʻʻʻtadil qiyofaga qaramay", Isroilga tahdidni kuchaytirganini aytdi.
Reuters sayti materiallari asosida tayyorlandi.