Qozogʻistonlik harbiylar Golan tepaliklarida tinchlikparvar missiyasini boshladi
Qozogʻistonlik harbiylar BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibida Golan tepaliklarida jangovar modullarni oʻrnatish va topshiriqlarni bajarishga kirishdi.
Golan
tepaliklarida qozoq tinchlikparvar kuchlari kundalik faoliyatini boshladi, deya
xabar bermoqda Kazinform mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.
Qurolli
kuchlar harbiy xizmatchilari Qozogʻiston hududidan Suriya poytaxti Damashqqa uchib, u
erdan avtomashinalarda Fauar tinchlikparvar bazasiga etib borgan.
Rasmiy
maʻʻlumotlarga koʻra, bazaga qarama-qarshi tomonlar oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish
boʻyicha vazifalarni bajarish uchun moʻljallangan harbiy texnika va mol-mulk ham
etkazilgan. Qozogʻiston otryadi 139 nafar harbiy xizmatchidan iborat.
Milliy
kontingentning shaxsiy tarkibi joylashish, “Ajratish ustidan nazorat boʻyicha BMT
kuchlari” missiyasiga qoʻmondonlik qiluvchidan ishlarni qabul qilib olish hamda
zaxiradagi rota vazifalarini aniqlashtirib olish bilan band
Qozogʻiston
Mudofaa vazirligi tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etish harbiy xizmatchilarning
jangovar mahoratini oshirishga yordam beradigan tayyorgarlikning muhim tarkibiy
qismi ekanligini taʻʻkidladi.
“Ushbu
missiyaning oʻziga xos jihati uning mustaqilligidir. Avvallari tinchlikparvar
kontingentimiz boshqa davlatlar boʻlinmalari tarkibida xizmat qilgan. Boʻlinma biriktirilgan
hududda patrullik qilish, blokpostlar tashkil etish, tinchlikparvar bazalarni
qoʻriqlash va tinchlik kelishuvlariga amal qilinishini taʻʻminlash uchun zarur boʻlgan zirhli
gʻildirakli mashinalar, «KamAZ»lar, mikroavtobus va yoʻltanlamaslar bilan
jihozlangan”, - deya xabar qildi Qozogʻiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Qozogʻiston
Golan tepaliklariga tinchlikparvar missiya yuborishi toʻgʻrisida 19 yanvarda rasman
maʻʻlum boʻlgan edi. Keyin prezident Qosim-Jomart Toqaev parlament palatalarining
qoʻshma majlisida Qozogʻiston tinchlikparvar kuchlarini Yaqin Sharq va Afrika
mamlakatlariga yuborish taklifini deputatlar koʻrib chiqish uchun kiritdi.
Avvalroq
Qozogʻiston mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov qozogʻistonlik harbiy xizmatchilar
Yaqin Sharq va Afrikaga jang qilish uchun bormayotganini aytdi.
"Tinchlikni
saqlash funktsiya va vazifalarini bajarayotganda armiya jang qilishni oʻrganmaydi.
Biz, birinchi navbatda, jahon tajribasini oʻrganishni oʻz oldimizga vazifa qilib
qoʻydik. Asosiy vazifa - tinchlikparvar missiyalarni bajarish, urushayotgan
tomonlarni ajratish va boshqalar. Bu urush emas, bu jangovar harakatlar emas”, -
dedi Jaqsiliqov avvalroq majlisda.