15.12.2023 19:52
Isroilning orzusi: Ben Gurion kanali
Isroilning Gʻazoga hujumlari bilan bir vaqtda 1960 yillarda Suvaysh kanaliga muqobil sifatida ilk bor taklif qilingan Ben Gurion kanali loyihasi muhokamalar markaziga aylandi. Xoʻsh, bu kanal loyihasining oʻzi nima? U qachon paydo boʻlgan? Uni amalga oshirish mumkinmi?
Isroil qamal ostidagi Gʻazo sektoriga hujumlarini davom ettirar ekan, uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelinayotgan Ben Gurion kanali loyihasi yana kun tartibiga qaytdi.
Isroil davlati asoschisi Devid Ben Gurion nomi bilan atalgan va 1960 yillar oxirida ishlab chiqilgan kanal loyihasi Evropa va Osiyoni bogʻlovchi asosiy yuk tashish yoʻli boʻlmish Suvaysh kanaliga muqobil boʻlishi maqsad qilgan.
Loyiha ortida turgan motivni tushunish uchun Suvaysh kanali, 1956 yildagi uchlik (Britaniya, Frantsiya va Isroil) hujumi hamda kanalning yopilishi bilan jahon savdosida yuz berishi mumkin boʻlgan faqqulodda oʻzgarishlarni oʻrganib chiqish kerak boʻladi. Shunga qaramay, Gʻazoda sodir boʻlayotgan xunrezliklar bilan bu loyiha oʻrtasidagi bogʻliqlik koʻplab mutaxassislar tomonidan tez-tez tilga olinmoqda.
Endi kanal nomini olgan Devid Ben Guriondan boshlab tafsilotlarga oʻtamiz.
Ben Gurion kim?
David Ben Gurion (1886-1973) Isroilning asoschisi sifatida tanilgan polshalik mashhur sionistlar etakchisi.
Ben Gurion sionist jangarilarga falastinliklarning ommaviy ravishda oʻz erlaridan quvib chiqarish, koʻnmaganlarini esa qirib tashlash haqida topshiriq bergan va butun dunyodagi yahudiy muhojirlarning Falastinga oqib kelishi uchun sharoit yaratgan sionistlar rahnamosi sifatida mashhur.
1948 yilda Isroil davlati tashkil etilganini eʻʻlon qilgan Ben Gurion Isroilning birinchi bosh vaziri boʻldi.
Ben Gurion kanali qanday loyiha?
"Ben Gurion kanali" deb nomlangan loyiha Aqaba koʻrfazini Oʻrta er dengizi bilan bogʻlashni koʻzda tutadi. Loyiha birinchi marta 1800 yillarning oʻrtalarida Angliya tomonidan Hindistonga muqobil yoʻl orqali etib borish maqsadida ilgari surilgan.
Biroq davrning texnologik imkonlari loyihani amalga oshirishga yoʻl bermagan. 1963 yilda Suvaysh kanali milliylashtirilganidan keyin loyiha AQSh tomonidan yana bir bor koʻtarildi. Bu safar loyiha janubiy Isroilda Misr va Iordaniya yaqinida joylashgan Najaf choʻli boʻylab yadroviy portlatishlar orqali dengiz sathi bilan teng balandlikdagi kanal qurilishiga aylantirildi.
Oʻsha paytda 575 milliard dollarga tushishi bashorat qilingan loyiha, arab davlatlarining katta qarshiligiga sabab boʻladi, degan fikr bilan yana toʻxtatildi.
2020 yil 13 avgustda AQSh Prezidenti Donald Tramp vositachiligida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan Isroil oʻrtasida “Ibrohim kelishuvi” (Abraham Accord) sifatida tanilgan tinchlik bitimining imzolanishi loyihani yana kun tartibiga qaytardi.
Oʻshanda hatto loyiha 2021 yilda boshlanishi aytilgan edi. Biroq hozirgacha loyiha boʻyicha aniq qadamlar qoʻyilgani yoʻq.
Nega Isroil loyihani taklif qilimoqda?
1888 yilda oʻsha davrdagi Evropaning yirik davlatlari tomonidan imzolangan “Xalqaro Istanbul shartnomasi” bilan urush va tinchlik davrida Suvaysh kanali orqali barcha kemalarning bepul oʻtishi kafolatlangan.
Biroq 1956 yilda Misr Prezidenti Jamol Abdun Nosirning Suvaysh kanalini milliylashtirishi, 1948 yilda Isroilning tashkil topishi va Nakba nomi bilan tarixga kirgan falastinliklarning zoʻravonlik bilan koʻchirilishi ortidan kanal bir necha bor yopilgan.
1948 yildan 1950 yilgacha Misr Isroil kemalarining kanalga kirishini toʻsib qoʻyish orqali uning Afrika va Osiyo bilan savdo aloqalariga taʻʻsir qildi va Fors koʻrfazi mintaqasidan neft import qilish imkoniyatini cheklab qoʻydi.
Suvaysh kanali 1956 yilda Isroil, Angliya va Frantsiya ittifoqi tomonidan kanal ustidan nazoratni qoʻlga kiritib, Nosirni hokimiyatdan chetlatish niyatida barcha xalqaro kema qatnovlari uchun yopib qoʻyildi.
Kanalning yopilishi, ayni paytda, jahon savdosiga sezilarli va kutilmagan zarba berdi hamda global tijorat olamida tebranishlarga sabab boʻldi.
Suvaysh kanaliga muqobil, ayniqsa, Gʻarbning asosiy ittifoqchisi boʻlgan Isroil yurisdiktsiyasi ostidagi muqobil kanal qurilsa, Suvaysh kanali va Tiran boʻgʻozining Misr tomonidan Isroil yoki uning ittifoqchilariga qarshi vosita sifatida foydalanish imkoniyati yoʻqqa chiqadi.
Iqtisodiy yutuqlar
Suvaysh kanali Misr iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Misr kanal orqali oʻtadigan kemalardan yigʻiladigan bojlardan katta daromad oladi.
2021 yilda Suvaysh kanali orqali taxminan 20 649 ta kema oʻtdi; bu 2020 yilga nisbatan 10 foizga koʻpdir. 2022 yilda tranzit toʻlovlaridan yillik daromad 8 mlrd dollarni tashkil etdi.
Suvaysh kanali, 2023 yil 30 iyunda tugagan moliyaviy yilda daromadi 9,4 milliard dollarni tashkil qilib, yangi rekord oʻrnatdi.
Kanal nafaqat Misrga toʻgʻridan-toʻgʻri daromad keltiradi, ayni paytda, mamlakatga investitsiyalarni ham jalb qiladi, xizmat koʻrsatish va sanoatni rivojlantirishga turtki boʻladi.
Agar Ben Gurion kanali qurilsa, Suvaysh kanali bilan raqobatlashadi va Misr uchun katta moliyaviy xavf tugʻdiradi.
Agar amalga oshirilsa, loyiha 193,3 kilometrlik Suvaysh kanalining deyarli uchdan bir qismini tashkil qiladi va uni kim nazorat qilsa, global neft, gʻalla va yuk tashish yoʻnalishlarida nihoyatda muhim taʻʻsir kuchini qoʻlga kiritadi.
Gʻazo qatliomi va kanal
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuning ham orzusi boʻlgan va Suvayshga muqobil qurilishi rejalashtirilgan Ben Gurion kanali Gʻazo-Ashkelon hududidan Qizil dengizgacha choʻziladi.
Xaritalarda koʻrinib turganidek, Gʻazo mintaqada qurilishi moʻljallanayotgan ikkinchi katta kanalning oʻrtasida joylashgan. Qolaversa, Isroilning gʻazoliklarni majburiy koʻchirishi ham olib borayotgan urushining maqsadlaridan biri shu kanal ekani haqidagi daʻʻvoni kuchaytiradi.
Chunki Isroil Gʻazoning shimolini odamlardan tozalar ekan, janubga tomon koʻchayotganlarni ham oʻqqa tuta boshladi. Bu gʻazoliklarning Sinay yarim oroliga surgun qilinishi haqidagi daʻʻvolar bilan birga oʻqilganida, kanal haqidagi taxminlarda jon borligi ayon boʻladi. Mavzu boʻyicha mutaxassislar Isroil va AQSh bu loyihani amalga oshirish imkoniyatini koʻp yillardan beri kutayotganini taʻʻkidlamoqda.
Xoʻsh, Ben Gurion kanali uchun qulay vaziyat yuzaga keldimi? Yaqin kelajakda mintaqada sodir boʻladigan voqealar bu savolga javob beradi.