11.03.2024 13:45

Isroilda "majburiy harbiy xizmat" inqirozi: bosh ravvin mamlakatni tark etish bilan tahdid qildi

Isroilda Sefardlar bosh ravvini Izhak Yosef ulʻtra-ortodoks yahudiylar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etilsa, mamlakatni tark etish bilan tahdid qildi. Muxolifat esa uni mamlakat xavfsizligiga zarar etkazganlikda aybladi.

Yosefning ishgʻol ostidagi Gʻarbiy Sohildagi noqonuniy koʻchmanchilarning koʻpchiligini tashkil etuvchi Haredi aholisi harbiy xizmatga chaqirilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun hukumatga bosim oʻtkazishga urinishi siyosiy doiralarda muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Inqirozning sababi nimada?

Isroil Oliy sudi 2017 yilda Haredi Eshiva diniy talabalarining majburiy harbiy xizmatdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qonunni kamsitish alomatlari borligini sabab sifatida keltirib, bekor qildi. Sud qarorida hukumatdan koʻproq ulʻtra-ortodoks yahudiylarni harbiy xizmatga jalb qilish uchun yangi qonun qabul qilish soʻralgan. Bu talab hukumatlarning ovozlarni yoʻqotishdan xavotirlari tufayli yillar davomida qoldirib kelinayotgan edi.

Ushbu toifadagi fuqarolar harbiy xizmatdan ozod qilinishining oxirgi muddati 24 martda tugaydi.

Isroilning Kanal 12 xususiy telekanaliga bergan intervʻyusida Yosef agar dindor isroilliklar harbiy xizmatga majburlansa, ularning barchasi xorijga chiqib ketishlarini aytdi. Yosef isroillik dindorlarga ishora qilib, "Agar bizni armiyaga majburlashsa, hammamiz mamlakatdan chiqib ketamiz. Bilet sotib olib, ketamiz", dedi.

Uning fikricha, dunyoviylar davlatni xavf ostiga qoʻyadi. “Tavrotsiz, diniy maktablarsiz armiya muvaffaqiyatga erisha olmasdi va Isroil armiyasi Tavrotga ishongan dindorlar tufayli muvaffaqiyat qozonmoqda”, - deya daʻʻvo qildi u.

Yair Lapid: Maoshini davlatdan oladi

Muxolifat etakchisi, Isroilning sobiq bosh vazirlaridan biri Yair Lapid bosh ravvinning soʻzlariga munosabat bildirar ekan, "Ravvin Yosefning soʻzlari uyat va vatan uchun jonini fido qilgan isroillik askarlarga nisbatan haqoratdir. Rabbin Yosef davlat ishchisi, maoshini davlatdan oladi, davlatga tahdid qila olmaydi. Armiyadan kim qochsa qochsin, Isroil davlatidan bir tiyin ham ololmaydi”, - dedi.

Sobiq tashqi ishlar vaziri, “Bizning uyimiz Isroil” partiyasi rahbari Avigdor Liberman ham Yosefni mamlakat xavfsizligiga zarar etkazganlikda aybladi.

Isroil aholisining 13 foizini tashkil etuvchi va 2035 yilga borib 19 foizga etishi kutilayotgan ulʻtra-ortodoks yahudiylar uch yillik majburiy harbiy xizmat oʻrniga diniy maktablarda oʻqish huquqiga ega. Ayrimlar diniy turmush tarzi harbiy talablarga zid keladi, desa, boshqalar mafkuraviy jihatdan dunyoviy davlatga qarshi. Oʻtgan hafta ulʻtra-ortodoks yahudiylar “Oʻlamiz, lekin harbiy xizmatga bormaymiz” kabi shiorlar bilan Tel-Aviv yaqinidagi avtomagistralni toʻsib qoʻygan edi.

Isroil bosh vaziri Benʻyamin Netanyaxu oʻtgan hafta qilgan bayonotida, ulʻtra-ortodoks yahudiylarni armiyaga jalb etishni maqsad qilganini aytdi.

Mavzuga aloqador