02.09.2024 08:31

Insoniyat sharmandaligi: Gʻazo sektoriga tarixda eng koʻp bomba tashlandi

 

Gʻazo sektoriga hujumlar 330 kundan beri davom etmoqda. Falastinliklar ustiga 81 ming tonna bomba tashlandi. 40 mingdan ortiq falastinlikni oʻldirgan va millionlab odamlarni oʻz uylarini tashlab ketishga majbur qilgan bu insoniyat fojiasi allaqachon tarixdagi eng katta ofatlardan biriga aylandi.

Jahon tarixidagi eng halokatli Ikkinchi jahon urushi haqidagi achchiq xotiralar London uzra bombalar yomgʻiri yogʻdirilgani, Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tashlangani, Drezdenga qilingan hujumlar kabi voqealar bilan yodda qolgan. Biroq bugungi kunda Gʻazo sektorida sodir boʻlayotgan voqealar hatto oʻsha fojialarni ham arzimas qilib qoʻyadigan falokatga yoʻl ochdi. 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan shafqatsiz havo hujumlari insoniyat koʻrgan eng katta halokatga sabab boʻldi.

81 ming tonna bomba tashlangan Gʻazo sektorida juda koʻp odamning hayoti tubdan oʻzgardi. Minglab tinch aholi, ayollar va bolalar halok boʻldi, millionlab odamlar oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻldi.

Tel-Avivning xalqaro huquqni mensimayotgan harakatlari zamonaviy urushlar shafqatsizligi va insoniyat fojiasini yaqqol fosh qiladi. Gʻazo sektoridagi bu ofat jahon hamjamiyatining koʻz oʻngida roʻy bermoqda va tarixda eng qora sahifalardan biri sifatida qayd etilmoqda.

Fashistlar Germaniyasining Britaniyani yoʻq qilishga urinishi

Ikkinchi jahon urushi vaqtida fashistlar Germaniyasi London va Britaniyaning boshqa shaharlariga kuchli havo hujumlarini amalga oshirdi. Gitler dushmanni taslim boʻlishga majburlamoqchi boʻldi. 1940-1941 yillar davomida Germaniya havo kuchlari shaharga 20 ming tonna bomba tashladi.

Bu hujumlar minglab tinch aholining oʻlimiga olib keldi, ammo Britaniya xalqining qarshiligini sindira olmadi. London bombardimoni tarixdagi eng halokatli havo hujumlaridan biri sifatida tanilgan boʻlsa-da, oʻsha paytda sodir boʻlgan vayronagarchilik koʻlami biz zamonaviy urushlarda koʻrib turganimizchalik emas.

Yaponiyaga yadroviy zarba

1945 yilda Qoʻshma Shtatlar Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tashladi. Xirosimaga tashlangan «Bolakay» kod nomidagi bomba 15 ming tonna trotil quvvatiga ega portlashni keltirib chiqardi. Nagasakiga tashlangan "Baqaloq" kodli bomba ham kam halokatga olib kelmadi.

Bombalar yuz minglab odamlarning oʻlimiga, Yaponiyaning taslim boʻlishiga va Ikkinchi Jahon urushining tugashiga olib keldi. Shuningdek, vayronagarchilik insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirdi va butun dunyoga yadro urushining dahshatli oqibatlarini koʻrsatdi.

 

Xirosima, 1946 yil mart / Foto: Reyters

Drezdenning bombardimon qilinishi

Urush tugashi arafasida Ittifoqchi kuchlar Germaniyaning Drezden shahriga katta havo hujumi uyushtirdi. 1945 yil 13-15 fevraldagi bombardimon paytida 4 ming tonnaga yaqin bomba tashlangan.

Hujum shaharni deyarli yoʻq qildi va koʻplab tinch aholining oʻlimiga olib keldi. Bu voqea urushdan keyingi davrda katta bahs-munozaralarga sabab boʻlib, tinch aholi nishonlariga qilingan hujumlar axloqiy jihatdan chuqur shubha uygʻotdi.

Gʻazo sektoridagi vayronalar Ikkinchi jahon urushi koʻlamidan ham oshib ketdi

2023 yil 7 oktyabrdan bugungi kungacha Isroil Gʻazoga 81 ming tonna bomba tashladi. Bu London, Xirosima, Nagasaki va Drezdenga tashlangan bombalardan ancha yuqori.

Hozirgacha 40 mingdan ortiq falastinlik halok boʻldi, 90 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. 10 ming kishi hanuz bedarak yoʻqolgan deb hisoblanadi. Qurbonlarning 70 foizi ayollar va bolalardir.

Isroil hujumlarining iqtisodiy zarari 33 milliard dollarga etdi. Hujumlar 150 ming uyning toʻliq vayron boʻlishiga olib keldi, 80 ming uy yaroqsiz holga keldi va 200 ming bino qisman vayron boʻldi.

Bundan tashqari, 197 ta davlat binosi, 115 ta maktab va universitetlar butunlay vayron boʻlgan. 330 ta oʻquv binosi qisman vayron boʻlgan.

Gʻazo infratuzilmasi ham jiddiy zarar koʻrdi. 34 ta shifoxona va 68 ta poliklinika ishdan chiqqan, 3030 kilometr elektr tarmoqlari yaroqsiz holga kelgan. Bu vayronagarchilik mintaqadagi gumanitar inqirozni yanada kuchaytiradi.

2 million falastinlik koʻchib ketishga majbur boʻldi

Isroil hujumlari 2 million falastinlikni uylarini tark etishga majbur qildi. Gʻazoda gumanitar falokat yuz bermoqda. Mintaqada yashash deyarli imkonsiz boʻlib qoldi.

Isroil siyosati hatto Ikkinchi jahon urushidagi eng yomon harakatlarni ham ortda qoldirdi va insoniyat tarixida qora dogʻ boʻlib qoladi.

Manba: TRT Haber

Mavzuga aloqador