Hindistonda parlament saylovlarida musulmon deputatlar kamroq oʻringa ega boʻldi
Hindiston parlamenti quyi palatasiga yaqinda oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra, saylangan musulmon deputatlar soni 26 nafardan 24 nafarga kamaydi, deya xabar bermoqda “Anadolu” agentligi.
19 aprelda boshlangan etti bosqichli saylovlar 1 iyunʻ kuni yakuniga etdi. Saylov komissiyasi eʻʻlon qilgan yakuniy natijalarga koʻra, hukmron Bharatiya Janata partiyasi (BJP) 543 aʻʻzolik palatada 240 oʻrinni, asosiy muxolifatdagi Hindiston milliy kongressi esa 99 oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Biroq Bharatiya Janata partiyasi koʻpchilik 272 oʻrinni qoʻlga kirita olmadi va endi ittifoqchi partiyalar bilan koalitsiya orqali hokimiyatga qaytishga intilmoqda.
Joriy saylovlarda siyosiy partiyalar mamlakat boʻylab 78 nafar musulmon nomzodini ilgari surdi, 2019 yildagi avvalgi saylovlarda bu koʻrsatkich 115 nafarni tashkil etgan edi.
Mustaqil Hindistonda 1952 yilda boʻlib oʻtgan birinchi saylovlarda atigi 11 nafar musulmon saylangan. 1980 yilda 49 musulmon saylanganda choʻqqisiga erishildi, biroq oʻshandan beri mamlakatda hindu millatchiligi kuchaygani sababli ularning soni doimiy ravishda kamayib bormoqda. Endi quyi parlament atigi 24 nafar musulmon millatiga mansub deputatdan iborat boʻladi.
Musulmonlar Hindistondagi eng katta ozchilik boʻlib, 183 million kishini tashkil etadi, bu 1,4 milliard aholining 14 foizini tashkil qiladi. Biroq ularning parlamentdagi ulushi 5 foizdan pastligicha qolmoqda.