21.03.2025 04:25
338

Frantsiya sport tadbirlarida musulmon ayollarining hijob oʻrashini qonunan cheklamoqchi

Frantsiya parlamentida sport tadbirlarida diniy ramzlar, jumladan, musulmon ayollarining hijob oʻrashiga cheklov qoʻyuvchi qonun loyihasi muhokamaga qoʻyildi. Bu qaror jamiyatda katta munozaralarga sabab boʻlib, inson huquqlari faollari va musulmonlar jamoasi vakillari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.


Hijob taqiqlanishi musulmon ayollarning sportda ishtirok etishiga toʻsiq boʻladimi?


Khlass Les Cliches fuqarolik tashabbusi asoschisi, musulmon ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi faol Rani Belhi ushbu qonunni qattiq qoralab, uni musulmon ayollarni jamiyatdan chetlashtirishga qaratilgan qadam sifatida baholadi.


“Biz har qanday kamsitishlarga qarshimiz. Biroq aynan musulmon ayollari Frantsiyada islomofobiyaga eng koʻp duch kelayotgan qatlamlardan biri. 2004 yilda maktablarda hijob va diniy ramzlarni taqiqlovchi qonun qabul qilinganidan beri cheklovlar tobora kuchaymoqda. Endi esa sport sohasida ham hijobga taqiq qoʻyilmoqda, bu esa sportga intilayotgan musulmon ayollar uchun katta toʻsiq boʻlib xizmat qiladi”, deydi Belhi.


Uning taъkidlashicha, xristian sportchilar oʻz diniy belgilarini taqishadi yoki tanalariga diniy tatuirovkalar tushirishadi, biroq bu hech qachon taqiqlanmagan. “Nega aynan musulmon ayollar hijobi muammo sifatida koʻrilmoqda?”, deya savol beradi huquq faoli.


Frantsiya diniy erkinliklarni cheklovchi yagona davlatmi?


Frantsiya 2004yilda maktablarda hijob va boshqa diniy ramzlarni taqiqlagan birinchi mamlakat boʻlgan. 2010 yilda esa jamoat joylarida burqa va niqob kiyish butunlay man etildi, bu qoidani buzganlarga 1500 evrogacha jarima solinishi belgilandi.


Soʻnggi yillarda hijob masalasidagi cheklovlar kengayib, u hatto onalarning bolalarini maktab ekskursiyalariga kuzatishiga ham taъsir oʻtkazgan. 2012 yilda prezident Nikolas Sarkozi davrida onalarning hijob bilan ekskursiyalarda qatnashishi man etilgan edi. Biroq 2013 yilda Frantsiya Davlat Kengashi bu taqiqni bekor qildi.


Endilikda Senat tomonidan qabul qilingan yangi qonun loyihasi sport sohasida hijob oʻrashga toʻliq cheklov joriy etishni nazarda tutadi. Biroq uning kuchga kirishi uchun u hali milliy parlamentning quyi palatasi – Milliy Assambleya tomonidan ham maъqullanishi kerak.


Taqiqlarning ijtimoiy oqibatlari


Huquq faollarining fikricha, sport musulmon ayollari uchun jismoniy va ruhiy salomatlikni saqlash, jamiyatga integratsiyalashuv va oʻzini namoyon qilishning muhim vositalaridan biridir. Hijobni taqiqlash esa bu imkoniyatlarni yoʻqqa chiqaradi.


“Frantsiya musulmon sportchilar uchun hijobni taqiqlagan yagona davlat sifatida xalqaro tanqidlarga uchramoqda. Hatto Olimpiya oʻyinlarida ham musulmon sportchilarning hijob bilan ishtirok etishiga ruxsat berilgan, ammo Frantsiya buni rad etmoqda. Bu esa inson huquqlari va diniy erkinliklarni buzilishiga olib kelmoqda”, deydi Belhi.


Faollar Frantsiyaning bu qarorini demokratik tamoyillarga zid deb baholamoqda va uni musulmon ayollarni jamiyatdan chetlashtirish siyosatining bir qismi deb bilmoqda. Agar qonun qabul qilinsa, hijob taqqan musulmon ayollar hatto havaskor sport musobaqalarida ham ishtirok eta olmaydi.

Mavzuga aloqador