14.08.2024 18:29

Fitch Isroil reytingini «A»ga tushirdi; prognoz «salbiy»

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Isroil kredit reytingini salbiy prognoz bilan «A+» dan «A»ga tushirganini eʻʻlon qildi. Ushbu qaror Gʻazoda davom etayotgan urushning salbiy taʻʻsiri, ortib borayotgan geosiyosiy xatarlar va mamlakat moliyasining barqarorligiga tahdid soladigan sezilarli iqtisodiy zarar bilan bogʻliq.

Fitch nazarida Gʻazodagi choʻzilgan mojaro Isroil davlat moliyasiga jiddiy bosim tugʻdirmoqda. Agentlik prognozlariga koʻra, 2024 yilda byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 7,8 foizni tashkil etadi, davlat qarzi darajasi esa oʻrta muddatli istiqbolda YaIMning 70 foizidan yuqori boʻlib qoladi. Bu raqamlar nafaqat harbiy harakatlar va jabrlangan hududlar aholisini koʻchirish bilan bogʻliq yuqori xarajatlar, balki infratuzilma va sanoat faoliyatiga etkazilgan iqtisodiy zarar bilan ham bogʻliq. Fitch, shuningdek, Jahon bankiga koʻra boshqaruv koʻrsatkichlari yomonlashishi kutilayotgani, bu esa mamlakatning kredit qobiliyatiga salbiy taʻʻsir koʻrsatishi mumkinligini taʻʻkidlaydi.

Fitch mojaro 2025 yilgacha davom etishi, boshqa jabhalarda kengayishi, harbiy xarajatlar va qarz yuklarining yanada oshishiga olib kelishidan xavotirda. Agentlikning ogohlantirishicha, mojaro insoniy xarajatlardan tashqari, infratuzilma vayron boʻlishiga va uzoq muddatli iqtisodiy oqibatlarga, jumladan, sarmoya va sanoat faolligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Fitch bashoratiga koʻra, Isroil hukumati harbiy xarajatlarni doimiy ravishda oshirishga majbur boʻladi, bu majburiy harbiy xizmatni kengaytirish va qurol ishlab chiqarishni koʻpaytirishni oʻz ichiga olishi mumkin. Ushbu qadamlar, ehtimol, qoʻshimcha xarajatlarga olib keladi va mamlakat uchun qoʻshimcha moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi.

Fitch reytingni pasaytirish qarori davom etayotgan mojarolar va geosiyosiy keskinliklar sharoitida Isroilning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligi haqidagi xavotirlarni aks ettirganini taʻʻkidlaydi. Agentlik fikricha, vaziyatning yanada yomonlashishi, ayniqsa, urush kutilganidan uzoq davom etsa va iqtisodiy vaziyatning yanada yomonlashishiga olib keladigan boʻlsa, mamlakatning kredit reytingiga qoʻshimcha bosim oʻtkazishi mumkin.

Yaqin Sharqdagi mojaro iyulʻ oyi oxiri va avgust oyi boshida bir qancha muhim shaxslar, jumladan Ismoil Haniya, Livan Hizbullohi qurolli kuchlari qoʻmondoni Fuad Shukr va XAMASning harbiy qanoti rahbari Muhammad Deifning oʻlimidan soʻng avj oldi. Ularning oʻldirilishida Isroil ayblangan, bu esa mintaqada keskinlikning kuchayishiga olib kelgan va musulmon jamoalari orasida xavotir uygʻotgan.

Mavzuga aloqador