21.07.2025 18:30
233
Falastin qarshilik harakati Turkiyadan yordam soʻradi
Falastinning HAMAS qarshilik harakati deputati Ismoil Abdulatif al-Ashkar Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonga maktub yozdi.
"Siz sharaf va qadr-qimmat shahri boʻlmish Gʻazo qanday qilib bunday ahvolga tushib qolganini yaxshi bilasiz", deyiladi maktubda.
"Hatto eng yomon tushlarimizda ham ummatimiz farzandlari, qoʻni-qoʻshnilarimiz, birodarlarimiz tomonidan bunday xiyonatni koʻrishimizni tasavvur ham qilolmasdik. Biz goʻyo boshqa sayyorada yashayotgandek, gʻayriinsoniy yolgʻizlik ichida qolmoqdamiz. Biz boshdan kechirayotgan azob-uqubatlar, iztiroblar, vahshiyliklar taъriflab boʻlmaydigan darajaga etdi. Farzandlarimizning koʻz oʻngimizda ochlikdan oʻlayotgani, ularning jajji tanalari parchalanayotganini qalbimiz endi koʻtara olmaydi.
Hurmatli prezident, biz sizga katta masъuliyat yuklayotganimizni bilamiz. Ummatning yuki ogʻir. Lekin sizga murojaat qilishimizning sababi, biz sizning adolatingiz, mazlumlarni himoya qilishingiz va Falastin masalasiga sodiqligingizga ishonamiz.
Janob prezident, mening xalqim ochlikdan qiynalmoqda. Koʻchalarda odamlar hushidan ketishmoqda. Portlashlar bir lahza ham toʻxtamayapti. F-35lar farzandlarimizni hayotdan olib ketmoqda, yaradorlarimizni yoʻq qilmoqda va hayotning soʻnggi izlarini ham oʻchirib tashlamoqda. Oʻlimdan tashqari, ochlik har tomondan bizni oʻrab oldi. Ushbu katta falokat markazidan turib sizga murojaat qilamiz:
Iltimos aralashing. Kech boʻlmasdan yordam qoʻlini choʻzing. Gʻazo bolalariga yordam berishga shoshiling, ular moʻl-koʻlchilik asrida ochlikdan oʻlmoqda.
Kim birodariga yordam bersa, Alloh unga yordam beradi", deyiladi Ismoil Abdulatif al-Ashkarning Erdoʻgʻonga murojaatida.