Evroparlament Rossiyada prezidentlik saylovlari nodemokratik oʻtgani toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
Qaror uchun 493 deputat ovoz berdi, 11 deputat qarshi chiqdi, yana 18 nafari betaraf qoldi.
Matnda Rossiyadagi saylovlarda “haqiqiy muqobil nomzodlar boʻlmagani” aytiladi, shuningdek, bosib olingan hududlarda ovoz berish noqonuniy deb ataladi.
Evroparlament deputatlari “Evropa Ittifoqi davlatlari va xalqaro hamjamiyatni Rossiyadagi prezidentlik saylovlari natijalarini qonuniy deb tan olmaslikka” chaqirdi.
Rezolyutsiyada, bundan tashqari, EIga Moskva bilan munosabatlarni mintaqaviy tinchlik, gumanitar muammolar va inson huquqlari bilan bogʻliq masalalar doirasida cheklash tavsiya qilingan.
Parlament aʻʻzolari Evropa Ittifoqi davlatlarini “mustaqil fuqarolik jamiyati tashkilotlari, mustaqil ommaviy axborot vositalari va huquq himoyachilarini hamda Rossiya demokratik muxolifatini qoʻllab-quvvatlashga” chaqirdi.
Eslatib oʻtamiz, Evropa Ittifoqi Kengashi prezidenti Sharlʻ Mishelʻ saylov boʻlib oʻtishidan avval Vladimir Putinni gʻalaba bilan “tabriklagan edi”. “Rossiyadagi saylovlarda gʻalaba qozonadigan Vladimir Putinni oldindan tabriklayman, chunki Rossiyada muxolifat yoʻq, erkinlik, tanlov yoʻq”, - deb yozgan edi u. Saylov jarayonida esa RF fuqarolari tomonidan byulletenlarni yoqish, “zelyonka quyish” kabi holatlar kuzatilgandi.

Mavzuga aloqador