10.07.2025 06:25
105
Eron afgʻon muhojirlarini josuslikda ayblab mamlakatdan haydamoqda
Soʻnggi haftalar ichida yuz minglab afgʻonlar Eronni tark etdi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) maъlumotlariga koʻra, faqat iyunь oyining oʻzida 256 mingdan ortiq afgʻon Erondan Afgʻonistonga qaytgan.
Eron rasmiylari mamlakatda 6 milliondan ortiq afgʻon yashashini, ularning katta qismi hujjatsiz ekanini maъlum qilmoqda.
Shuningdek, iyunь oyi oʻrtalarida boshlangan Eronning Isroilga qarshi 12 kunlik urushi ham muhojirlarning chiqib ketishiga taъsir qilgan. Eron davlat OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, nomaъlum miqdordagi afgʻon fuqarolari Isroil foydasiga josuslikda gumon qilinib qoʻlga olingan.
Eronda yashovchi bir necha afgʻon muhojir “Ozodlik” ka maъlum qilishicha, josuslik ayblovi bilan ushlangan afgʻon fuqarolari qoʻlga olingach tazyiqqa uchragan, soʻng esa hatto yaroqli hujjatlari borligiga qaramasdan Afgʻonistonga deportatsiya qilingan.
Bundan tashqari, yanvar oyidan buyon Erondan 800,000 dan ortiq afgʻon qaytib kelgan.
Shu bilan birga, Pokistondan ham yuz minglab afgʻon muhojirlari kelmoqda – Pokiston bu yil 3 million afgʻonni mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda.
Bu esa Afgʻonistondagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.