Chechenistondagi pedagogika kollejida yangi masjid qurildi
Yangi oʻquv yili arafasida Grozniy pedagogika kolleji hududida yangi masjid ochildi. Bu haqda Checheniston Respublikasi fan va taъlim vaziri Hoji-Baudi Daaev maъlum qildi.
90 kvadrat metr maydonni egallagan masjidda yuzdan ortiq kishi namoz oʻqishi mumkin. Masjidning ochilishi natijasida talabalar va oʻqituvchilar taъlim muassasasidan chiqmasdan, qulay sharoitlarda ibodat qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Vazir Daaev ushbu tashabbusni talabalar va oʻqituvchilar uchun katta sovgʻa ekanini taъkidlab, loyihani amalga oshirgan Ahmat Qodirov jamgʻarmasiga minnatdorlik bildirgan.
Shuningdek, Grozniy shahar hokimligining maъlum qilishicha, hozirda hududda 11 ta yirik diniy inshoot — sakkizta masjid va uchta madrasa qurilmoqda. Shahar meri Xas-Magomed Qodirov hukumat diniy taъlim rivojiga katta eъtibor qaratayotganini taъkidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, diniy taъlim yoshlarni maъnan yuksak va axloqli qilib tarbiyalashning yagona yoʻli boʻlib, ularda asl qadriyatlar, anъanalar va milliy madaniyatga hurmatni shakllantiradi.
Maъlumot uchun, hozirgi kunda Checheniston hududida 1,5 mingdan ortiq masjid va kamida 430 madrasa faoliyat yuritmoqda.